YeOII yoki JST: O‘zbekiston qay biriga a’zo bo‘ladi?

Jamiyat

image
O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilsa, mustaqillikni boshqa davlat qo‘liga berib qo‘yadimi? north_east

O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilsa, mustaqillikni boshqa davlat qo‘liga berib qo‘yadimi?

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘ladimi yoki Jahon savdo tashkilotiga. Ayni kunlarda bu masala juda dolzarb bo‘lib turibdi. Mazkur savol bugun, 14 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov bilan o‘tgan matbuot  anjumanida o‘rtaga tashlandi. Vazir o‘rinbosari so‘z olarkan, O‘zbekistonning yuzdan ortiq tashkilotlarga a’zoligi, ammo ular faoliyati va yo‘nalishi nuqtayi nazaridan bir-biridan farq qilishini aytdi. 

"O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan beri 120 tadan ortiq xalqaro tashkilotga a’zo. Albatta, har bir tashkilotda O‘zbekistonning o‘zini manfaati bor va unga kirishdan oldin biz uning ijobiy va salbiy tomonlarini yaxshilab o‘rganganmiz. O‘rgangandan keyin, o‘zimizni manfaatimizni ko‘zlagan holda o‘sha tashkilotga kirganmiz. Qanday taklif bo‘lmasin, albatta, u taklif chuqur o‘ylab chiqilgandan keyin, taroziga qo‘yilgandan keyingina qaror qabul qilinadi", deydi diplomat. 

Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonning YeOII va JST singari tashkilotlarga a’zo bo‘lishi masalasi ustida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi katta guruh ishlamoqda.

“YeOII yoki JSTga kirishda ikkisini bir-biriga solishtirishning hojati yo‘q. Chunki, ikkisiga ham kirish bo‘yicha hozirgi kunda muzokaralar, o‘rganish ketmoqda. JST bilan katta guruh ishlayapti. Bu masala bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari shug‘ullanmoqda. Biz muzokaralarni 1994 yilda boshlaganmiz. Astoydil muzokaralar esa endi boshlandi. Birinchi galda O‘zbekiston manfaatlarini hamma tomonlama himoya qilib, kelishganimizdan keyingina a’zo bo‘lamiz. YeOIIga a’zolikda ham xuddi shunday”, deydi Ne’matov. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Parlamentga yo‘llagan murojaatida ushbu masalaga ham to‘xtalib, quyidagicha fikr bildirgan edi: 

“Import va eksportimiz Qozog‘iston va Rossiyaning tranzit yo‘llari orqali o‘tadi. Qolaversa,  aholimizning ko‘p qismi Rossiya va Qozog‘istonda ishlamoqda. Shularni inobatga olib, YeOIIga a’zolik masalasini ko‘rib chiqyapmiz”. 

Prezidentning qayd etishicha, YeOIIga a’zolik masalasida xalqning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish irodasiga tayaniladi. Shuning uchun deputat va senatorlar ushbu masalani atroflicha muhokama qilib, har bir masala bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmalariga olgan holda asoslangan xulosalarni aytishi kerak. 

“Deputatlar nima desa, shu bo‘ladi. Qo‘lga qalam olib hisob-kitob qilinglar. Men aytgan masalalarni ham albatta, inobatga olish shart”, degan edi Davlat rahbari. 

Ma’lumot o‘rnida, YeOII - 2015 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro integratsiya iqtisodiy birlashma hisoblanadi. Ittifoq tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Ne'matov JST EOII

Baholaganlar

158

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing