Yelizaveta II Rojdestvoni nishonlayotgan qasrda qurolli erkak qo‘lga olindi

Olam 5038
image

Buyuk Britaniyada politsiya qirolicha Yelizaveta II va uning oilasi Rojdestvo bayramini nishonlayotgan Vindzor qasri hududiga kirgan qurolli erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda “Sky News” xabar bergan. 

“Politsiya Rojdestvo kunida Vindzor qasri hududiga kirgan qurolli erkak qo‘lga olinganini ma’lum qildi”, deyiladi telekanal xabarida. 

Qo‘shimcha qilinishicha, qo‘lga olingan 19 yoshli yigit hozir qamoqda. Ta’kidlanishicha, politsiya xodimlari Vindzor qasrida soat 08:30 (Toshkent vaqti bilan 13:30) atrofida xavfsizlik buzilishi sababli chaqirilgan. 

“Ushbu voqeadan so‘ng tergov davom etmoqda va biz poytaxt politsiyasidagi hamkasblarimiz bilan ishlamoqdamiz. Erkak qo‘riqlanadigan hududni buzish yoki noqonuniy ravishda kirish va hujum qurollarini saqlashda gumon qilinib hibsga olingan”, degan Temza vodiysi politsiyasi vakili Rebekka Mirs. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak hech qanday binoga kirmagan. Voqea haqida qirollik oilasi a’zolari xabardor qilingan. 

“Biz jamoatchilik uchun jiddiy xavf borligiga ishonmaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan politsiya vakili. 

Avvalroq, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Rojdestvo bayramini Vindzor qasrida o‘tkazishi haqida xabar bergandi. 

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 191
Reyting: 3
t
×