YeXHTning saylovoldi hisobotida OAV haqida nima deyilgan?
Jamiyat
−
13 Oktabr 2021
5664O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarni cheklash, siquvga olish va ommaviy axborot faoliyatini cheklovchi huquqiy asoslar hamon mavjud. Bu esa o‘zini o‘zi “senzura” qilishning keng quloch yozishiga olib keladi. Bu haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) Saylovni kuzatish missiyasi (SKM)ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha taqdim etgan Oraliq hisobotida aytilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK)ning taklifiga va vakolatiga binoan, YeHXTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) 15 sentyabr kuni Saylovni kuzatish missiyasi (SKM) Prezident saylovini kuzatish uchun O‘zbekistonga keldi. Missiya a’zolari YeHXTga a’zo 26 davlatdan tanlab olingan. DIIHB SKM qatnashchi davlatlardan yana 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarni (QMK) yuborishini so‘radi, bular ovoz berish, ovozlarni hisoblash va natijalarni rasmiylashtirishni kuzatadilar.
Hisobotda O‘zbekistonning ommaviy axborot vositalari muhiti ko‘p sonli davlat va xususiy axborot organlari cheklangan reklama sharoitida faoliyat ko‘rsatishi bilan tavsiflanishi aytiladi.
“DIIHB SKM muloqot qilgan bir necha kishi oxirgi yillarda ommaviy axborot muhiti yaxshilangani, jumladan axborot olish, undan foydalanish, ba’zi ijtimoiy va siyosiy masalalarda tanqidiy chiqishlar qilish imkoniyati yaxshilanganini ta’kidladi.
Biroq, DIIHBning muloqot qilgan odamlari davom etgan ko‘p muammolar, jumladan jurnalist va blogerlarni cheklash, siquvga olish, ommaviy axborot faoliyatini cheklovchi huquqiy asoslar hamon mavjud, deb aytishdi. SKM bilan muloqotda bo‘lgan ko‘p kishilarning fikricha, xar ikkala omil o‘zini o‘zi “senzura” qilishning keng quloch yozishiga olib keladi”, deyiladi oraliq hisobotda.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi 2019 yilgacha berkitib qo‘yilgan ko‘p ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari tashkilotlari veb-saytlari ochilganini olqishlagan. Biroq, ba’zi veb-saytlar hamon bloklanganicha qolayotgani aytilgan.
Shuningdek, joriy yilning 2 iyulidan boshlab, Twitter, TikTok va VKontakte ijtimoiy tarmoqlaridan, shuningdek Skype va WeChat tezkor messenjerlaridan foydalanishga cheklovlar qo‘yilayotgani alohida tanqid ostiga olingan.
Hisobotda matbuot va so‘z erkinligi ta’minlanishi bilan bog‘liq olamshumul gaplar fonida OAVni cheklovchi qonuniy asos ham kuchayib borayotganiga urg‘u berilgan.
“Konstitutsiya so‘z erkinligi va axborotdan foydalanish erkinligi huqularini ta’minlaydi. Biroq, OAV e’lon qilingan axborot uchun javobgar va diniy mavzudagi ma’lumotlarni avvaldan tasdiqlatib olishi lozim. Garchi Jinoyat kodeksiga 2020 yilning dekabrida kiritilgan o‘zgartishlar tuhmat va xaqorat uchun qamoq jazosini bekor qilgan bo‘lsa-da, ular hamon jarima, axloq tuzatish ishlari yoki uy hibsi bilan jazolanadigan jinoiy qilmish hisoblanadi”, deyiladi o‘rganishlar natijalarida.
Hisobotda, shuningdek oxirgi ikki yilda qabul qilingan ayrim qonunlar, jumladan Jinoyat kodeksining 158-moddasi – “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish”ga kiritilgan normaga muvofiq telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini haqoratlash va unga tuhmat qilish — 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi xususida ham so‘z borgan. Bunga joriy yilning 19 aprel kuni Davlat xavfsizlik xizmati bloger Valijon Kalonovga nisbatan Prezidentni xaqorat qilgani tufayli jinoiy ish qo‘zg‘atgani misol sifatida keltirilgan.
Shuningdek, xavfli yuqumli kasalliklarning tarqalishi to‘g‘risida vahima qilish va yolg‘on axborot tarqatish uchun Jinoyat kodeksiga qamoq jazosining kiritilishi xususida ham so‘z borgan.
“2020 yil, 20 noyabr kuni OAV regulyatori uch yirik yangilik veb-sayti Gazeta.uz, Podrobno.uz, va Daryo.uz ni (havola ruschada) veb-saytlar kasalxonalarga olingan COVID-19 bemorlar sonida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Prezident Administratsiyasi bergan ma’lumotda jiddiy tafovut borligini e’lon qilgandan keyin “tekshirishmagan axborot” e’lon qilingani munosabati bilan “jiddiy huquqiy oqibatlar” to‘g‘risida ogohlantirdi”, deyiladi hisobotda.
Jurnalistlar “fuqarolarning qadr-qimmatini xaqorat qilishlari” va yolg‘on axborot tarqatish ayblovi bilan ham javobgarlikka tortilishi mumkinligi, ayni paytda blogerlar va veb-saytlar egalari uchinchi shaxslar bergan kontent va foydalanuvchilarning umumiy sharhlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini ham e’tibordan qochirmagan.
LiveBarchasi