O‘limdan boshqa hamma narsaning chorasi bor yoxud sanksiya ostidagi Lavrov Yevropaga qanday kirdi?
Olam
−
30 noyabr 2023
25070Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi (YeI) davlatlarining Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov samolyotining YeXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi uchun Shimoliy Makedoniyaga uchishiga ruxsat berishini sanksiyalarni buzish deb hisoblamaydi. Bu haqda Yevrokomissiya vakili Adalbert Yans brifingda ma’lum qildi.
“Bilamizki, YeIda Rossiya samolyotlari parvoziga taqiq bor, lekin u istisnolarning juda qisqa ro‘yxatini o‘z ichiga oladi va YeIga a’zo davlatlar bu istisnolarni qo‘llashlari mumkin. Ular, shuningdek, Yevropa Komissiyasi oldida uni yoki boshqa mamlakatlarni istisnolar qo‘llanilishi haqida xabardor qilish majburiyatiga ega emaslar. Bu bugungi kunda mavjud bo‘lgan huquqiy normalar”, deya tushuntirdi u.
Uning qayd etishicha, sanksiyalardan istisno sabablari ro‘yxatiga insonparvarlik va boshqa sabablar ham kiritilgan
Yevrokomissiya jurnalistlarning Yevropa Ittifoqi davlatlari nima uchun Rossiya Tashqi ishlar vaziri va uning delegatsiyasi samolyoti Shimoliy Makedoniyaga Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzgan holda kirishiga ruxsat bergani haqidagi savollarga shunday javob berdi.
Xuddi shunday tushuntirishni 27 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati vakili Peter Stano taqdim etgandi.
“Mamlakatlar Rossiya samolyotining [Yevropa Ittifoqi] hududi ustidan uchishiga ruxsat berishga qaror qilsalar yoki Shimoliy Makedoniya rasmiylari Lavrovning shaxsiy ishtirokiga ruxsat berishsa, biz bunga qarshi bo‘lmaymiz. Bu sanksiyalarni buzish bo‘lmaydi”, degan u.
Stanoning tushuntirishicha, Rossiya TIV rahbari sanksiya ostida bo‘lsa-da, har qanday sanksiyalardan istisnolar bor, ayniqsa, BMT yoki YeXHT kabi ko‘p tomonlama platformalar ishida rasmiylarning ishtiroki haqida gap ketganda.
“Hatto sanksiyalar ostida bo‘lganlar ham Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kelishi mumkin, agar ularning safarlari maqsadi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani sabablari bilan bog‘liq bo‘lsa”, deydi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati vakili.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovni 2022 yilda sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan edi.
Lavrov Yevropada
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashida ishtirok etish uchun bugun, 30 noyabr kuni Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope shahriga keldi.
Vazirlar samolyoti marshrutining uzunligi taxminan 4 ming kmni tashkil etdi, sayohat besh soatdan ko‘proq vaqtni oldi. Lavrovning samolyoti Shimoliy Makedoniyaga yo‘l olishda Turkiya, shuningdek, Gretsiya ustidan uchib o‘tdi, biroq avvalroq Bolgariya orqali yo‘nalish kutilgan edi. TASS xabariga ko‘ra, Bolgariya tomoni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbarining samolyoti bortida Rossiya diplomatik departamentining rasmiy vakili Mariya Zaxarova bo‘lgan taqdirda uchib o‘tishiga ruxsat bermagan.
LiveBarchasi