YeXHT Fransiya puli bilan Tojikiston maxsus kuchlari ofitserlarini o‘qityapti
Olam
−
22 avgust 2023
17146Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Afg‘oniston bilan chegarada xizmat qilayotgan Tojikiston chegara qo‘shinlarining maxsus bo‘linmalari ofitserlarini tayyorlashni boshladi. Bu haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Dushanbedagi dasturlari ofisida ma’lum qilindi.
“Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Dushanbedagi dasturlar ofisi Tojikiston chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda bir oylik o‘quv kurslarini boshladi. Tojikiston chegara qo‘shinlari maxsus bo‘linmalarining 25 nafar ofitseri Xorugdagi [Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati] chegara qo‘shinlarining hududiy o‘quv markazida o‘tkazilgan “Dala amaliyotlari salohiyatini saqlab qolish” kursida ishtirok etdi”, deyiladi xabarda.
Ofisga ko‘ra, trening Fransiya tomonidan moliyalashtiriladi va kurs ishtirokchilarga tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha o‘zlarining muhim missiyasini bajarish uchun malaka oshirishga yordam beradi. Kurs davomida ofitserlar navigatsiya, jumladan Google Earth pro xizmatidan foydalanish, razvedka va xavfsizlik operatsiyalari, birinchi tibbiy yordam va alpinizm bo‘yicha o‘qitiladi.
2022 yil dekabr oyida Polshaning Lodz shahrida bo‘lib o‘tgan YeXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 29-sessiyasida Tojikiston va YeXHT o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Shu bilan birga, kengash yig‘ilishida Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin respublika Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro terroristik guruhlar faollashganidan xavotirda ekani haqida ma’lum qildi va xalqaro hamjamiyatni Tojikistonga chegarani himoya qilishda yordam berishda davom etishga chaqirdi.
LiveBarchasi