Polsha Lavrov ishtirokidagi yig‘ilishni boykot qildi
Olam
−
30 noyabr 2023
9987Polsha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlarining Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokidagi yig‘ilishini boykot qilishga qaror qildi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova “Rossiya-1” telekanalidagi “60 daqiqa” ko‘rsatuvida ma’lum qildi.
“To‘g‘rirog‘i, shu daqiqalarda Polshada, Varshava rasmiylaridan ular ham, ular aytganidek, boykotga qo‘shilishlari, ya’ni [YeXHT Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida] qatnashmasliklari haqida bayonot bo‘ldi”, deydi u.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadamlar YeXHT, Yevropa Ittifoqi va butun Yevropa makonida suvni loyqalaganlarning o‘z-o‘zini ayblashidir.
“Chunki ularning ortida anglo-sakson dueti turibdi. AQSH va Buyuk Britaniya Boltiqbo‘yi mamlakatlarini ham, Kiyev rejimini ham bevosita nazorat qiladi”, deya qo‘shimcha qildi diplomat.
28 noyabr kuni Litva Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Latviya, Litva va Estoniya Tashqi ishlar vazirlari YeXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining Rossiya TIV rahbari ishtirokida Skopedagi o‘tadigan yig‘ilishini boykot qilayotgani haqida xabar berdi.
Avvalroq Ukraina diplomatik xizmati rahbari Dmitriy Kuleba uchrashuvda ishtirok etishdan bosh tortishini ma’lum qilgandi. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushkoning aytishicha, ushbu mamlakatlarning bunday qarori tashkilot taqdiriga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 30-yig‘ilishida ishtirok etish uchun Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope shahrida bo‘lib turibdi.
LiveBarchasi