YeXHT DIIHB: O‘zbekiston MSK saylov jarayonini professional va samarali tarzda tashkillashtirdi

Biznes

image

Bugun, 25 oktyabr kuni YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) missiyasi O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish natijalari bo‘yicha dastlabki hisobotini taqdim etdi.

Hisobotda har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, O‘zbekistonda fuqarolarning xohish-istaklarini mustaqil ifoda etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha jiddiy ishlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etilgan.

COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Markaziy saylov komissiyasi (MSK) o‘z faoliyatini professional, sifatli va qonunchilikda o‘rnatilgan muddatda tashkillashtirgani alohida qayd etildi. Xususan, ilk marotaba MSKning barcha yig‘ilishlari keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘ldi va real vaqt rejimida yoritib borildi. Komissiya qarorlari esa zudlik bilan komissiya veb-sahifasiga joylashtirildi. Bu saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligiga xizmat qildi. MSK o‘zining keng vakolatlaridan foydalanib, muntazam ravishda okrug saylov komissiyalari bilan videoanjumanlar o‘tkazdi, saylov jarayonining asosiy jihatlarini samarali tartibga solib turdi. Ovoz berish bilan bog‘liq barcha materiallar, jumladan muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari saylov komissiyalariga o‘z vaqtida yetkazib berildi.

Ta’kidlash joizki, MSK tomonidan joriy yil aprel oyida O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish dasturi tasdiqlangan edi. Unda saylovchilarning huquqiy madaniyati va faolligini oshirish, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va koronavirus pandemiyasini hisobga olgan holda saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilangandi.

Shuningdek, aholining bo‘lajak saylov haqidagi xabardorligini oshirish maqsadida MSK tomonidan “Saylov-2021” ilovasi ishlab chiqildi. Unda saylovchilar qaysi saylov uchastkasida ro‘yxatdan o‘tgani va qayerda ovoz berishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni topishi mumkin bo‘ldi. Bundan tashqari, ilovada “o‘quv materiallari” deb nomlangan bo‘lim ochilgan bo‘lib, saylovchiga uning yordamida o‘zining huquq sohasidagi bilimini mustahkamlash imkoniyati taqdim etildi.

Kuzatuvchilar MSK tomonidan saylovchilarni saylovdan ancha oldin va saylov kunigacha turli formatdagi OAV, jumladan, saylovda qatnashishni targ‘ib etishga oid videoroliklar va ijtimoiy tarmoqlardagi grafik materiallardan foydalangan holda, bo‘lajak saylov to‘g‘risida keng qamrovli tashviqot o‘tkazishini ma’qullashdi.

Eslatib o‘tamiz, MSKning taklifiga binoan, YeXHT DIIHB, YeXHT Parlament assambleyasi va Yevropa parlamentining qo‘shma missiyasi ilk marotaba yurtimizdagi Prezident saylovini kuzatmoqda.

Irlandiyalik diplomat Ouen Myorfi boshchiligidagi YeXHT DIIHB kuzatuvchilari joriy yil 15 sentyabridan buyon saylovni kuzatmoqda. Missiya 17 nafar kishidan iborat asosiy guruh, 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar hamda YeXHT ga a’zo 26 mamlakatdan tashrif buyurgan 207 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatdi. Shu bilan birga, Prezident saylovini kuzatish uchun YeXHT DIIHB rahbariyati, xususan, byuro direktori Matteo Mekachchi ham keldi.

Bundan tashqari, 27 mamlakatdan 98 nafarga yaqin deputat-kuzatuvchilardan iborat YeXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasi va YeXHT PA Prezidenti Margareta Sederfelt hamda Bosh kotibi Roberto Montella ham ilk marotaba O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Shu bilan birga, 12 nafar deputatdan iborat Yevropa parlamenti kuzatuvchilari ham YeXHT DIIHB missiyasiga qo‘shildi. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatish uchun 44 mamlakatdan jami 365 ta kuzatuvchi tashrif buyurdi.

Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti saylovida YeXHT delegatsiyasining to‘liq tarkibda ilk marotaba qatnashishi Tashkilot tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning e’tirof etilishi va qo‘llab-quvvatlashidan dalolatdir.
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

MSK

Baholaganlar

16

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing