Mirziyoyev MSK raisini yubileyi munosabati bilan mukofotladi
Jamiyat
−
20 mart
6532O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev tavalludining 70 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 19 mart kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Zayniddin Nizomxo‘jayevga ushbu yuksak unvon va ko‘krak nishonini topshirdi.
Nizomxo‘jayev davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, milliy saylov tizimini umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari, yuksak salohiyatli kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi uchun taqdirlangan.
Ma’lumot uchun, tibbiyot fanlari doktori, professor Zayniddin Nizomxo‘jayev uzoq yillar qator mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. U 2014 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.