YOI yetakchisi ijaraga olgan sexida qalbaki pullar ishlab chiqarayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
21 noyabr 2019
7218Kasbi tuman yoshlar ittifoqi yetakchisi ijaraga olgan sexida qalbaki pullar ishlab chiqarayotgani aniqlandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.
"Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Qo‘riq qishlog‘ida yashovchi, muqaddam sudlanmagan, Kasbi tuman hokimligida yoshlar ittifoqi yetakchisi bo‘lib ishlovchi, 1995 yilda tug‘ilgan Boboyev Abror Alisher o‘g‘li qalbaki pullar ishlab chiqarayotgani aniqlandi.
Gap shundaki, u Kasbi tumani “Mug‘lon” MFY hududidagi o‘zi ijaraga olgan tikuvchilik sexida turli xil kupyuradagi qalbaki pullarni yasash bilan shug‘ullanib kelgan. Undan 172 dona 50.000 so‘mlik kupyuradagi pullar, rangli printerdan to‘liq chiqarilmagan 84 dona 50.000 so‘mlik kupyuradagi pullar, “EPSON” rusumli rangli printer va “LENOVA” rusumli noutbuk tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Kasbi tuman IIB JQB tezkor vakillari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan.
Qayd etilishicha, A.Boboyevdan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan AV0304117 seriya raqamli 172 dona 50.000 so‘mlik kupyuralar “Davlat belgisi” korxonasida tayyorlanmaganligi va undan hujjatlashtirib olingan AV0304117 seriya raqamli 172 dona 50.000 so‘mlik kupyuralar rangli purkagichli printer yordamida tayyorlanganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Kasbi TIIB TB tomonidan A.Boboyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.
Shahnoza To‘ramurotova