YeI O‘zbekiston Hukumatini Qoraqalpog‘iston voqealarini ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqirdi
Jamiyat
−
04 iyul 2022
14075Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatini Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqirmoqda. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Ittifoq Tashqi ishlar idorasi saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z borgan.
“Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga taklif etilayotgan tuzatishlar e’lon qilinganidan keyin Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan zo‘ravonlik voqealarini ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqiradi. Biz qurbonlar borligi va insonlar hayotini yo‘qotganidan chuqur afsusdamiz va voqealar rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz”, deyiladi bayonot avvalida.
Shuningdek, idora O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tomonidan taklif etilayotgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan jamoatchilikning xavotirlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni e’tirof etgan.
“Biz barcha tomonlarni har qanday kuchayish yoki zo‘ravonliklarni davom ettirishning oldini olish maqsadida o‘z harakatlarida vazminlik ko‘rsatishga chaqiramiz. Yevropa Ittifoqi rasmiylarni O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiq inson huquqlari, jumladan, so‘z erkinligi va yig‘ilishlar erkinligi kabi asosiy huquqlarni kafolatlashga chaqiradi.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan mustahkam va rivojlanib borayotgan hamkorlikka ega. Biz O‘zbekistonning islohot borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz va uni xalqaro normalar va ilg‘or tajribalar asosida fuqarolar va manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashgan holda ushbu jarayonni davom ettirishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi