YeI uch xonandaga nisbatan taqiq joriy qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi 30 nafar rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ular orasida xonandalar Yuliya Chicherina, Nikolay Rastorguyev va Oleg Gazmanov ham bor. Bu haqda bugun, 6 oktyabr kuni tegishli qoidalarni chop etgan YeIning rasmiy jurnalida aytiladi. 

“Vaziyatning og‘irligini hisobga olib, Kengash Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun mas’ul bo‘lgan 30 shaxs va yetti tashkilotni cheklash choralari qo‘llaniladigan shaxslar, tashkilotlar va organlar ro‘yxatiga kiritish kerak, deb hisoblaydi”, deyiladi xabarda. 

Shunday qilib, xonandalar Yuliya Chicherina, Nikolay Rastorguyev va Oleg Gazmanov, shuningdek “Fakel” futbol klubi, “Avangard” xokkey klubi, “Irkut” aviatsiya korporatsiyasi, “Degtyarev zavodi” mudofaa zavodi qora ro‘yxatga kiritilgan. 

Shuningdek, neft yetkazib berish bo‘yicha ayrim istisnolar mavjud. 

“Narxning yuqori chegarasi xom neft va ayrim neft mahsulotlarini dengiz orqali uchinchi mamlakatlarga tashishga, shuningdek, tegishli xizmatlarni ko‘rsatishga nisbatan qo‘llanilishi kerak. Bu ba’zi a’zo davlatlarga o‘zlarining alohida holatlari tufayli yoki Rossiyadan xom neftni quvurlar orqali yetkazib berish ularga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra to‘xtatilgan taqdirda, Rossiyadan xom neft va neft mahsulotlarini import qilishni davom ettirishga ruxsat beruvchi istisnolarga taalluqli emas”, deyiladi hujjatda.

 Yevropa Ittifoqi narxi belgilanganidan yuqori bo‘lgan Rossiya neftini tashuvchi uchinchi davlat kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va sug‘urta qilishni taqiqlaydi. 

“Agar uchinchi davlat bayrog‘i ostida suzuvchi kema Rossiya Federatsiyasidan narxi belgilanganidan yuqori bo‘lgan xom neft yoki neft mahsulotlarini olib ketayotgan bo‘lsa, unga texnik xizmat ko‘rsatish, vositachilik, moliyalashtirish va moliyaviy yordam ko‘rsatish, shu jumladan kelajakdagi transportda sug‘urta qilish taqiqlanadi”, deyilgan YeI jurnalida.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasi tarkibiga Ukrainaning 4 viloyati noqonuniy qo‘shib olinishi ortidan bugun, 6 oktyabr kuni Rossiyaga qarshi sakkizinchi sanksiyalar paketini joriy qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sanktsiya Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

224

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing