YeI Trampning Oq uyga qaytishi ehtimoliga tayyorlanish uchun maxsus ishchi guruh tuzdi – FT

Olam

image

Yevropa Ittifoqi AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning Oq uyga qaytishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rish uchun maxsus ishchi guruh shakllantirdi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi. 

Nashrning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Trampning joriy yilning noyabr oyida o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida g‘alaba qilishi va Oq uyga qaytishi rasmiy Vashingtonning Ukraina bo‘yicha siyosatida keskin o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Ushbu prezidentlik poygasida esa sobiq prezidentga mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti, Demokratlar partiyasidan Prezident Baydenning o‘rniga ko‘rsatilgan nomzod Kamola Harris qarshi kurashadi.

“Bu qadam Bryusselning Tramp prezident etib saylansa, Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan mahsulotlarga yuqori miqdorda bojlar qo‘yishi, Kiyevga harbiy hamda moliyaviy yordamni to‘xtatishi va Ukrainani Rossiya foydasiga sulhga rozi bo‘lishga majburlashi mumkinligidan chuqur xavotirlanishi bilan bog‘liq”, deb yozgan FT gazetasi.

Shuningdek, gazeta Trampning Qo‘shma Shtatlarni NATO tarkibidan chiqarishi yoki alyansning nizomidagi jamoaviy mudofaa qoidalarini uning fikri bilan aytganda, “harbiy ehtiyojlar uchun juda kam mablag‘ sarflaydigan” davlatlar uchun o‘zgartirish haqidagi tahdidlarini amalga oshirish ehtimoli ham Yevropa Ittifoqida xavotir uyg‘otayotganini yozgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 5 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Dastlab respublikachilardan Donald Tramp hamda demokratlardan Oq uyning amaldagi rahbari Jo Bayden nomzod sifatida ko‘rsatilgandi. Biroq Bayden 21 iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qildi. Uning o‘rniga vitse-prezident Harris nomzodi ko‘rsatildi. U birinchi so‘rovnomadayoq Trampni ortda qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Parijda 2024 yilgi Olimpiadaning ochilish marosimini tanqid ostiga olgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made