YeI tez orada AQSH bojlariga javob qaytarishni boshlaydi
Olam
−
08 aprel
2134Yevropa Ittifoqi (YeI) AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan po‘lat va alyuminiyga qo‘yilgan qo‘shimcha bojlar sababli, javob tariqasida bojlar joriy etishni rejalashtirmoqda. YeIning savdo bo‘yicha komissari Marosh Shefchovichning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bojlar 15 apreldan kuchga kiradi va AQSHning jinsi shimlari, viski, yeryong‘oq moyi, mototsikllar kabi mahsulotlariga taalluqli bo‘ladi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Shefchovich 9 aprel kuni javob bojlariga tortiladigan mahsulotlar ro‘yxati yakuniy tasdiqlanishini ma’lum qilgan. May oyining o‘rtalarida esa boshqa AQSH mahsulotlariga ham bojlar joriy etilishi kutilmoqda. Bu safar avvalgi davrda Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida javob bojlariga tortilmagan mahsulotlar ham qamrab olinadi. Yangi bojlar, xususan, AQSHning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, parranda go‘shti, mol go‘shti, ba’zi dengiz mahsulotlari, yong‘oqlar, tuxum, sut mahsulotlari, shakar va sabzavotlarga nisbatan qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ayrim sanoat mahsulotlari, masalan, to‘qimachilik mahsulotlari, charm buyumlar, maishiy texnika, asbob-uskunalar, plastmassa va yog‘och mahsulotlari ham bojlar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
YeI rasmiylari ushbu bojlar AQSHni savdo masalalarida muzokaralarga undashiga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 2 aprel kuni import mahsulotlariga yangi bojlar joriy etgandi. Asosiy stavka butun import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan 10 foizni tashkil etadi, ammo ayrim davlatlar uchun bu tariflar ancha yuqori belgilangan. Masalan, Xitoy uchun 34%, Vetnam uchun 46%, Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 20%. Rossiya va Belarusga nisbatan bojlar joriy etilmagan.
Tramp o‘z qarorini “iqtisodiy mustaqillik akti” deb atagan va bu choralar Amerika iqtisodiyotining raqobatbardoshliligini tiklashga qaratilganini ta’kidlagan. Biroq ko‘p o‘tmay, AQSH Prezidenti tariflar bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini bildirgan. 5 aprel kuni esa Oq uy Vetnam, Hindiston va Isroil bilan avval joriy etilgan bojlarni yumshatishga imkon beruvchi savdo kelishuvlari yuzasidan muzokaralarni boshlagani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi