YeI Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan davlatlarni jazolamoqchi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga eksporti taqiqlangan tovarlarni yetkazib berayotgan mamlakatlarga nisbatan chora ko‘rmoqchi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi bu masalani muhokama qilgan. Unga ko‘ra, Yevropa Komissiyasi ma’lum uchinchi davlatlarga kichik toifadagi mahsulotlarni sotishga imkon beruvchi huquqiy mexanizmni o‘rganib chiqqan. 

Nashr xabarida aytilishicha, bunday harakat Bryussel va uning ittifoqchilarining Turkiya va BAA kabi mamlakatlarni, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiyaning G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qattiqroq choralar ko‘rishini ko‘rsatadi. Bu Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini aylanib o‘tishga bo‘lgan urinishlarga qarshi jiddiy qadam bo‘lishi aytilgan.  

Biroq Yevropa Ittifoqidagi davlatlarning ba’zilari uchinchi davlatlar bilan munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishdan cho‘chigani uchun eksport cheklovlarini joriy etishga qarshilik qilmoqda. Mazkur mavzu bo‘yicha muzokaralar kelasi hafta davom etishi ta’kidlangan. Yevropa ittifoqi taklif qilingan cheklovlarning xalqaro savdo qoidalariga muvofiqligini qanday ta’minlashi va ularning kuchga kirishi uchun qanday qonuniy tartib-qoidalar talab qilinishi hozircha aniq emas.

Muhokama qilinayotgan mexanizm doirasida Yevropa Ittifoqi birinchi navbatda Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimi sharoitida tashvish tug‘diradigan mahsulotlar va mamlakatlarni alohida ajratib ko‘rsatmasdan aniqlashga imkon beradigan huquqiy bazani ishlab chiqish niyatida ekani ma’lum qilingan. Keyingi bosqich uchinchi davlat tomonidan Yevropa Ittifoqidan ogohlantirish olishni o‘z ichiga oladi, keyinchalik u eksport nazorati monitoring tizimida tovarlar va mamlakatlarning o‘ziga xos toifalarini ko‘rsatishi mumkin. Nashr ushbu choralar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi doirasida amalga oshirilishi mumkinligini yozgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga ikki maqsadli texnikalarni qayta eksport qilib, unga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan davlatlarga nisbatan chora ko‘rilishi aytilgandi. Shu maqsadda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha vakili Qirg‘iziston va Qozog‘istonga kelgan. Bundan tashqari, sanksiyalar bo‘yicha vakil O‘zbekistonda ham bo‘lib, Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya sanktsiyalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing