YeI Rossiyadan gaz importini ko‘paytiradi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi vaqtincha Polsha va Bolgariyaga gaz yetkazib berish to‘xtatilganini qoplash uchun rublda to‘lashga tayyor davlatlar orqali Rossiya gazini xarid qilishni sezilarli darajada oshiradi. Bu haqda bugun, 27 aprel kuni Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi institutlaridagi manba TASSga ma’lum qilgan.

“Bugun Polsha va Bolgariyadagi vaziyat munosabati bilan gaz bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruhning favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Oraliq yechimlardan biri qolgan kanallar orqali Rossiyadan gaz sotib olishni sezilarli darajada oshirish bo‘ldi, bu Polsha va Bolgariyaga Yevropa bozoridan qo‘shimcha gaz hajmlarini sotib olish imkonini beradi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi barcha hamkorlar bilan gaz yetkazib berish hajmini, birinchi navbatda suyultirilgan gazni ko‘paytirishni ta’minlash uchun ishlamoqda”, degan u.

Manba YeI davlatlari uzoq muddatli istiqbolda eng qisqa vaqtlar ichida Rossiyadan import qilinayotgan gazga qaramlikni minimum darajaga tushirish va uni boshqa resurslarga almashtirish choralarini ko‘rish maqsadini tasdiqlaganini qo‘shimcha qilgan. Yevropa “yashil” energetikaga o‘tishni tezlashtirmoqchi.

Manbaning qayd etishicha, YeI hisob-kitoblariga ko‘ra, Polsha va Bolgariya hozirda gaz taqchilligini boshdan kechirmayapti va Yevropa bozoridan quvur gazini ham, suyultirilgan gazni ham olish uchun texnik imkoniyatlarga ega.

Shuningdek, u Bryusselda rublda to‘lashdan bosh tortishi sababli Varshava va Sofiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatilishi “Rossiya tomonidan ushbu davlatlar bilan uzoq muddatli shartnomalarni buzish sifatida baholanayotganini” ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.

Joriy yilning 31 mart kuni Putin "do‘st bo‘lmagan" davlatlarga gazni rublda sotish tartibini tasdiqladi. 

Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda rus gazi uchun rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz

Baholaganlar

195

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing