YeI muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukraina uchun foydalanishni qayta tiklamoqchi – FT
Olam
−
10:47 1110 1 daqiqa
Shvetsiya, Niderlandiya, Ispaniya va Polsha kabi Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga yordam berish uchun muzlatilgan Rossiya suveren aktivlaridan foydalanish bo‘yicha rejani qayta tiklashga chaqirmoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir guruh davlatlar Yevropa komissiyasiga murojaat qilib, Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan Ukraina ehtiyojlari uchun foydalanish rejasi bo‘yicha ishlarni qayta boshlashni so‘raydi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida muzlatilgan Rossiya suveren aktivlari 200 milliard yevrodan ortiqni tashkil etadi. Ularning asosiy qismi Belgiyadagi Euroclear depozitariysida saqlanadi.
Avvalroq ushbu mablag‘lardan Ukrainaga moliyaviy yordam berish uchun foydalanish rejasi Belgiyaning huquqiy va moliyaviy xatarlar bo‘yicha xavotirlari sababli to‘xtab qolgan edi. Hozir esa ayrim Yevropa davlatlari Yevropa komissiyasidan mazkur aktivlardan foydalanishning huquqiy va texnik mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi eng yirik 21-sanksiyalar paketi doirasida 170 dan ortiq yangi cheklov joriy etishni taklif qilgandi.
Live
Barchasi