YeI Kanadaga birinchi assotsiatsiyalangan a’zo bo‘lishni taklif qildi

Olam

image

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Kanadaga Yevropa Ittifoqining birinchi assotsiatsiyalangan a’zosi bo‘lish imkoniyatini ochishni taklif qildi. Bu haqda fon der Lyayen kecha, 16 sentyabr kuni Strasburgda Yevropa parlamentidagi YeIning yillik holatga bag‘ishlangan nutqi vaqtida so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi ochiqdan-ochiq dushmanona dunyo sharoitida ittifoqchilar o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish zarur.

“Biz hamkorliklarimizni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Shuning uchun Kanada YeIning birinchi assotsiatsiyalangan a’zosi bo‘lishi uchun eshikni ochish ustida siz bilan ishlashni istayman”, degan fon der Lyayen.

Yevropa parlamenti deputatlari bu taklifni olqishlagan. Fon der Lyayen so‘ngra Yevropa parlamentida bo‘lgan Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan ko‘rishgan.

Fon der Lyayen YeI va Kanada sun’iy intellektdan iqlim o‘zgarishigacha, Arktikadan geosiyosatgacha bo‘lgan masalalarda dunyoga bir xil nuqtai nazardan qarashini aytgan. U ikki tomon Ukraina, mudofaa, xomashyo va ta’minot zanjirlari masalalarida hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidlagan.

“Eng muhimi, Yevropa va Kanada demokratiyaga ishonadi”, degan u.

Karni fon der Lyayenning taklifini kelajakda ancha kuchli va ulkanroq ittifoq qurish imkoniyati sifatida olqishlagan. Uning ofisi tarqatgan bayonotda Kanada va Yevropa strategik imkoniyatlarning keng doirasida chuqur hamkorlik orqali strategik mustaqillikni ta’minlashi kerakligi aytilgan.

Biroq Karni o‘z bayonotida Kanada YeIning assotsiatsiyalangan a’zosi bo‘lishi masalasini tilga olmagan.

Fon der Lyayenning taklifi YeIga a’zo davlatlar tomonidan ma’qullanishi kerak. Assotsiatsiyalangan a’zo maqomi hozircha Yevropa Ittifoqi shartnomalarida nazarda tutilmagan.

YeI ilgari huquqiy maqomi aniq belgilanmagan moslashuvchan hamkorlik shakllariga ehtiyotkorlik bilan yondashgan. Germaniyaning joriy yil may oyida Ukrainani YeIga to‘liq qo‘shilishga tayyorgarlik bosqichi sifatida assotsiatsiyalangan a’zo qilish taklifi ham ittifoq davlatlari tomonidan iliq qabul qilinmagan.

YeIning bir diplomati fon der Lyayen taklifidan hayratlanganini bildirib, b“u nimani anglatishini hech kim aslida bilmaydi”, degan. U Yevropa Komissiyasi rahbari hali amalga oshira olmaydigan va’dalarni berib qo‘yishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Kanada va YeI o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish tashabbusi Ottavaning AQSH bilan savdo muzokaralari barbod bo‘lganidan keyin ilgari surilmoqda. Bu esa ikki davlat o‘rtasida tariflar bo‘yicha bir qator chora va javob choralariga olib kelgan.

Karni kelgusi o‘n yilda AQSHdan tashqari davlatlar bilan savdo hajmini ikki barobar oshirishga va’da bergan.

Fon der Lyayenning aytishicha, YeI va Kanada ishlab chiqarish, texnologiya, mudofaa sanoati, Arktika, sun’iy intellekt, energetika va muhim minerallar sohalarida hamkorlik qiladi.

“Biz aqlli ishlab chiqarish ustida ishlaymiz. Texnologik ittifoq tuzamiz. Mudofaa sanoati bazalarimizni integratsiya qilamiz. Arktikani qo‘shma loyihalarimizning asosiy yo‘nalishiga aylantiramiz”, degan u.

Fon der Lyayen bunday hamkorlik hech kimga qarshi emasligini ham ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ajratiladigan 90 milliard yevrolik kredit dasturiga qo‘shilmoqchiligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing