YeI Eron va Rossiyaga yangi sanksiyalar joriy qildi
Olam
−
11:45
1007Yevropa Ittifoqi kecha, 18 noyabr kuni Eronning Kaspiy dengizidagi porti hamda Eron va Rossiya yuk tashish kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy etishga qaror qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi bayonot berdi.
Xabarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiyaga Eron tomonidan ballistik raketalar va dronlarni yetkazib bergani uchun sanksiyalarni kengaytirgan. YeI qora ro‘yxatiga Eronning Kaspiy dengizidagi ikkita porti, Eron milliy yuk tashish kompaniyasi va Astraxandan kelgan uchta dengiz yuk tashuvchi kemasi kiritilgan. Shu tariqa, YeI Erondan Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar va raketalarni tashishni to‘xtatmoqchi.
Bayonotda qo‘shimcha chora-tadbirlar Eron dronlari va raketalarini, shuningdek, ularning tarkibiy qismlari va texnologiyalarini Rossiyaga o‘tkazish uchun kemalar va portlardan foydalanishning oldini olishga qaratilgani haqida ma’lumot berilgan.
Qora ro‘yxatga kiritilgan portlar – Amirobod va Bender-Enzeli bo‘lib, ular Kaspiy dengizidagi Eronning eng yirik portlari hisoblanadi. Eron Shimoliy flotining shtab-kvartirasi Bender-Enzeli shahrida joylashgan.
Shuningdek, Eron Islom Respublikasi Shipping Lines (IRILS) yuk tashish kompaniyasi va uning direktori Muhammad Rizo Xiyoboniyga, Astraxanning MG-Flot, VTS-Broker va Arapaks kompaniyalari ham qora ro‘yxatga kiritilgan.
“IRILS Eronning milliy yuk tashuvchisi hisoblanadi va uning kemalari ko‘p yillar davomida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, chunki Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiy-dengiz kuchlari nomidan dronlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi”, deyilgan bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa kengashi Rossiyaga qarshi iqtisodiy va individual sanksiyalarning 14-paketini qabul qilgandi. Cheklovlar Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun javobgar bo‘lgan yana 116 nafar jismoniy va yuridik shaxsni o‘z ichiga olgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi