YeI elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi bo‘yicha kelisha olmadi
Olam
−
13 may 2023
5888Kecha, 12 may kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlatining Bryusseldagi elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi loyihasi matni bo‘yicha kelisha olmadi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Polshaning Yevropa Ittifoqidagi vakili Anjey Sadosning aytishicha, elchilar kelasi hafta kelishuvga erishishi mumkin. Uning fikricha, texnik rejaning bir qator masalalari bo‘yicha hali ham to‘liq ekspert tahlili zarur.
Ta’kidlanishicha, Polsha Rossiya transport kompaniyalariga qarshi sanksiyalar va Belarusga nisbatan ham xuddi shunday choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, Varshava Rossiya Federatsiyasining yadro sektoriga qarshi zarur jazo choralarini, shuningdek, Rossiyadan olmos olib kirishni taqiqlashni ko‘rib chiqadi.
“Hozirgi vaziyatda biz Rossiyaning agro-oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishni davom ettirish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan Anjey Sados.
Shuningdek, Varshava tashabbusi bilan ukrainalik bolalarni Rossiyaga deportatsiya qilish va ularni majburan asrab olish uchun javobgar shaxslarning qora ro‘yxatini tuzish va loyiha matniga kiritish taklif qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 may kuni Yevrokomissiyaning Moskvaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi bo‘yicha taklifi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga yuborilgan edi. Unga ko‘ra, Yevrokomissiya bir necha xitoylik kompaniyalarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish va sanksiyalarni chetlab o‘tishga aloqador deb hisoblangan davlatlarga eksportni cheklashni taklif qilgan. Bundan tashqari, bir qancha manbalar ro‘yxatga Turkiya, BAA, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Moskvaga qarshi sanksiyalari ostidagi tovarlar importi keskin oshgan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari kompaniyalarini kiritish taklif qilinganini aytgandi.
LiveBarchasi