YeCHL. “Real Madrid” – “Manchester Siti” (1:2). Gvardiola Madridda o‘z imzosini qo‘ydi!

Sport

image
Suriya ikkiga bo‘linadimi? north_east

Suriya ikkiga bo‘linadimi?

Jeki Chan koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkin north_east

Jeki Chan koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkin

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining yangi formasi namoyish etildi north_east

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining yangi formasi namoyish etildi

Xabaringiz bor, 27 fevral tunida Yevropa chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi doirasidan o‘rin olgan “Real Madrid” va “Manchester Siti” jamoalari o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Madridning “Real” klubi o‘z maydonida Manchesterning “Manchester Siti” jamoasini qabul qildi va 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. 

Dramatik tarzda bo‘lib o‘tgan muhim uchrashuv haqida to‘xtalib o‘tamiz. Ushbu uchrashuvni barcha futbol muxlislari va mutassadilari sabrsizlik bilan kutishgani hech kimga sir emas. Sababi, ushbu o‘yin YeCHL pley-off bosqichining markaziy uchrashuvi, deya ta’riflanayotgandi. 

Ushbu jamoalar Yevropa chempionlar ligasi bosh sovrini uchun asosiy da’vorgarlardan biri bo‘lib turganini kecha bo‘lib o‘tgan bahsdan bilib olish qiyin emas.

Ikala jamoa bosh murabbiylari Zinedin Zidan va Xosep Gvardiolaning asosiy tarkib uchun tanlagan nomzodlari barchani hayron qoldirdi. Boisi, ushbu bahsda jamoalarning asosiy tarkib futbolchilaridan bir nechtasi maydonga tushirilmadi. 

ZAXIRADA QOLDIRILGAN ASOSIY TARKIB FUTBOLCHILARI

“Real Madrid” jamoasining yetakchi futbolchilari Toni Kroos, Garet Beyl, Lukas Vaskes, Marselo asosiy tarkibda maydonga tushirilmadi. Hattoki, Toni Kroos ushbu bahsning qaydnomasiga ham kiritilmadi. Eden Azar “Levante”ga qarshi uchrashuvda jiddiy jarohat olib, jamoaning lazaretiga tushib qolgani sababli 2 oy maydonga tusha olmaydi. 

Marko Asensio ham jiddiy jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqan. Zidanning xatosi, “shaharliklar”ga qarshi bahsda tarkib tanlashda va o‘yinda futbolchi almashtirishda bo‘ldi. Uchrashuvda Vinisius Junior zaxiraga olinganidan so‘ng, mehmonlar gol urib hisobni tenglashtirishga erishdi. 

“Manchester Siti” jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ham tarkib tanlashda ko‘pchilikni biroz hayron qoldirdi. Sababi, doim jamoaning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylangan Serxio Aguero va Rahim Sterling zaxirada qoldirildi. Shunday bo‘lsa-da, Gvardiolaning “Real Madrid”ga qarshi qo‘llagan taktikasi o‘zini oqladi. 

Gvardiola klub tarixida yangi sahifa ochdi. Bungacha “Manchester Siti” hech qachon “Santyago Bernabeu”da g‘alaba qozonmagan edi. Kechagi bahsda Gvardiola o‘z imzosini ko‘rsatib qo‘ydi.

O‘YINDAGI XAVFLI VAZIYATLAR 

Uchrashuvning birinchi bo‘limida maydon egalari bir qator xavfli hujumlar uyushtirishdi. Afsuski, ularning raqib jamoa darvozasi tomon boshlagan hujumlari besamar ketdi. Gohida raqib himoyachilari “Real Madrid” futbolchilarini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, gohida maydon egalari yaratilgan vaziyatlardan samarali foydalana olishmadi. 

Bu orada Xosep Gvardiola shogirdlari ham tez-tez qarshi hujumlarga o‘tib turishdi. Uchrashuvning 21-daqiqasida “Manchester Siti” jamoasi futbolchisi Gabriel Jezus raqib jamoa jarima maydoni ichida juda ham qulay vaziyatdan gol ura olmadi. Ya’ni ushbu vaziyatda Tibo Kurtua jamoasini muqarrab goldan qutqarib qoldi.  

Uchrashuvning 30-daqiqasida “Real Madrid” jamoasi shiddat bilan raqib jamoa jarima maydonchasi tomon qarshi hujumga o‘tdi. Chap qanotdan uzatib berilgan to‘pni Karim Benzema boshi bilan Ederson qriqlayotgan darvoza tomon yo‘lladi. 

Ammo, ushbu vaziyatda “shaharliklar” posboni qiyin vaziyatda to‘pni qaytardi va o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Darvozabondan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Vinisius Junior yetib keldi, lekin u to‘pga yetib kelishi bilanoq sirpanib yiqilib tushdi va deyarli bo‘p qolgan darvozaga gol ura bilmadi. 

Birinchi bo‘limning qo‘shib berilgan daqiqalarida “Manchester Siti” futbolchilari burchak zarbasini amalga oshirishdi. Burchakdan oshirib berilgan to‘pga Gabriel Jezus birinchi bo‘lib yetib keldi va o‘ng oyog‘ida Tibo Kurtua qo‘riqlayotgan darvoza tomon zarba berdi. Kurtuaning baxtiga himoyachilar to‘p yo‘liga g‘ov bo‘ldi va uchrashuvda hisob ochilishiga yo‘l qo‘ymadi. 

Shu tariqa jamoalar tanaffusga yo‘l olishdi. Ikkinchi bo‘limda uchrashuv ssenariysi butkul o‘zgarib ketdi. 

Bahsning ikkinchi bo‘limida mehmonlar katta ustunlik bilan oldinga o‘tishdi. O‘z uyida harakat qilgan “Real Madrid” jamoasi kechagi o‘yinda ikkinchi planga tushib qoldi va biroz muddat bor e’tiborini himoyaga qaratishga majbur bo‘ldi. 

“Shaharliklar” mehmonlarni pressingda ushlab turdi. Uchrashuvning 56 – daqiqasida yana o‘sha Gabriel Jezus “Real Madrid” jamoasi darvozasi tomon kuchli zarba berdi. Afsuski, ushbu duelda darvozabon yana g‘olib chiqdi. Jezus qulay vaziyatdan unumli foydalana olmadi. 

Bahsning 59-daqiqasida maydon egalari hisobni ochishga erishdi. “Qirollik klubi” futbolchilari chap qanotdan qarshi hujumga o‘tishdi. Vinisius Junior raqib jarima maydonchasiga yorib kirdi va o‘ng tarafda bo‘sh qolgan jamoadoshi Iskoga to‘pni oshirdi, u esa Ederson qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi va o‘yindagi hisobni ochdi. 

O‘yinning o‘zgarib ketishiga ushbu gol sababchi bo‘ldi. Oradan 10 daqiqa o‘tgach “Manchester Siti” katta kuch bo‘lib oldinga o‘tdi. 73-daqiqada “Real Madrid” jarima maydoni ichida Kevin De Bryuyne to‘pni fantastik tarzda jamoadoshi Gabriel Jezusga uzatdi. U esa boshi bilan Tibo Kurtua qo‘riqlayotgan darvoza tomon to‘pni yo‘lladi va oradagi hisobni tenglashtirdi – 1:1. 

PENALTI

O‘yinning kulminatsion nuqtasi 82-daqiqada ro‘y berdi. Zaxiradan maydonga tushirilgan Rahim Sterling “Real Madrid” jarima maydoni ichida Karvaxal tomonidan qo‘pollik bilan to‘xtatib qolindi. Ushbu vaziyatda uchrashuvni boshqarib borgan Daniele Orsato hech ikkilanmay 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Penaltini amalga oshirish uchun nuqtaga Kevin De Bryuyne yaqinlashdi va to‘pga kuchli zarb berib maydon egalari darvozasini ishg‘ol qildi – 1:2.


 
QIZIL KARTOCHKA

Bahsning 86-daqiqasida yana o‘sha Gabriel Jezus birga-bir vaziyatga chiqib ketayotgan vaziyatda, “Real Madrid” jamoasi sardori Serxio Ramos qo‘pollik bilan raqibini to‘xtatib qoldi va bosh hakam ushbu qo‘pollik uchun Ramosni maydondan chetlatdi. Ushbu qizil kartochka “qirollik klubi”ga qimmatga tushdi. Chunki, Ramos “Manchester Siti”ga qarshi safardagi javob o‘yinida maydonga tusha olmaydi. Bu esa “Real Madrid” uchun katta yo‘qotish degani. 

Shu tariqa dramatik kechgan uchrashuvda “Manchester Siti” safarda muhim bo‘lgan g‘alabani qo‘lga kiritib, ortga qaytdi. Endi barchasi Angliyada bo‘lib o‘tadigan javob uchrashuvida hal bo‘ladi. 

“Manchester Siti” jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘z uyida to‘p o‘tkazib yubormaslik yo‘llarini izlash uchun biroz bosh qotirishi kerak.

“Real Madrid” jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan esa safarda yirik g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga to‘g‘ri keladi. 

Madridliklar safarda minimum 2ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishlari shart. Aks holda Zinedin Zidan va uning jamoasi YeCHL musobaqasi bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi. 

“Manchester Siti”ni esa 2ta to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lishdan tashqari qolgan har qanday natija qoniqtiradi. Kichik hisobdagi mag‘lubiyat ham “shaharliklar”ni keyingi bosqichga olib chiqadi. 

Eslatib o‘tamiz, ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 17 mart kuni soat 01:00da boshlanadi. Bahs Manchesterdagi “Ettixad Stedium”da bo‘lib o‘tadi. 

                                    Jahongir Sotvoldiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Manchester Siti Garet Beyl Real Madrid Toni Kroos Sant'yago Bernabeu

Baholaganlar

14

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing