Yashnobod hokimi o‘zini o‘zi 62 million so‘m bilan mukofotladi
Jamiyat
−
24 dekabr
9479Toshkent shahrining Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov o‘z sektorini “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olibi, deb e’lon qildi va sektor rahbari sifatida mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan hisobidan o‘zini o‘zi taqdirlab, 61 mln 875 ming so‘m ajratdi. Bu haqda hokim 2024 yil 25 oktyabr kuni “Yashnobod tumani mahalliy byudjetining 2024 yil ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha shakllangan mablag‘larni xarajatga yo‘naltirish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan.
Hujjatga ko‘ra, bunga Xalq deputatlari Yashnobod tuman kengashining qarori asos qilib ko‘rsatilgan. Qaror bilan Yashnobod tumani hokimi 1-sektor rahbari B.Rahmonqulovning “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgani munosabati bilan pul mablag‘lari bilan taqdirlash maqsadida tuman mahalliy byudjetining 2024 yil 2 chorak yakunlari bo‘yicha orttirilgan mablag‘lar hisobidan 61 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish belgilangan.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Rahmonqulov 1976 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1997 yilda Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘shinlari muhandislik bilim yurtining qo‘mondonlik taktik avtomobil qo‘shinlari mutaxassisligi bo‘yicha va 2008 yilda Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi akademiyasining fuqaro muhofazasi qo‘mondonlik-shtab tezkor-taktik boshqaruvi sohasi mutaxassisligini tamomlagan. 2018 yildan 2020 yilga qadar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.