Yashnobod hokimi o‘rinbosarining buyruqbozligi ustidan maxsus komissiya ish boshladi. Mansabdorlar bo‘shatilishi mumkin
Jamiyat
−
05 iyul 2019
7328Kecha, 4 iyul kuni QALAMPIR.UZ nashrida muallif Akbar Jiyanovning “Yashnobod hokimi o‘rinbosari va MT bo‘limi mudirining suhbati Toshkentdagi ko‘zbo‘yamachilikni fosh qildi (audio)” nomli jurnalistik surishtiruvi e’lon qilingan edi. Unda Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Zufarov va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Viloyat Akromovaning telefondagi suhbati aks etgandi. Audionutqda hokim o‘rinbosari Sh.M.Zufarov tuman MT bo‘limi mudiri V.Akromovaga omborni to‘ldirib qo‘yish kerakligi, tekshiruv kelib-ketgach, mahsulotlarni MTM mudiralari uyiga olib ketishi mumkinligini aytgan. Toshkent shahar hokimligi QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan audioyozuv va maqola bo‘yicha o‘rganish olib borayotgani, maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi. Toshkent shahar hokimligi rasmiy xabarida shunday deyiladi:
“2019 yilning 4 iyul kuni QALAMPIR.UZ saytida Yashnobod tumani hokimi o‘rinbosarining tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i bilan suhbati e’lon qilindi.
Unda hokim o‘rinbosari bog‘chalarni nazoratchilar tekshirayotgani va ular asosan ombor va oshxona bilan tanishayotganligini ta’kidlab, ushbu tekshiruv paytida kamchiliklar aniqlanmasligi uchun barcha MTMlari mudiralari bozordan barra oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib, omborxonalariga qo‘yishlari, oshxonalarini sarishta saqlashlari haqida topshiriq bergan va tekshiruv tugaganidan so‘ng xarid qilingan mahsulotlarni uylariga olib ketishlari mumkinligini aytgan.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar MTB hamkorligida maxsus komissiya tuzildi hamda hozirda ushbu ish bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda. Bunday holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli barcha choralar ko‘riladi, zarur bo‘lsa, mansabdor shaxslar ham ishdan bo‘shatiladi.
Bundan tashqari maxsus komissiya poytaxtimizdagi barcha MTMlarda bo‘lib, ularning mudiralari ishtirokisiz tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan uchrashadi hamda bog‘chalardagi taomnoma va bolalarning ovqatlanish sifatini o‘rganadi”.
LiveBarchasi