3 yoshli bola enagasining eri tomonidan do‘pposlab o‘ldirilgan(mi?)
Intervyu
−
21 mart 5294 3 daqiqa
Toshkentning Yashnobod tumanida yashovchi ayol enaga qaramog‘ida bo‘lgan farzandining fojiali o‘limi ortidan dahshatli tafsilotlarni ochiqladi. Dastlab zaharlanish deyilgan holat rasmiy xulosalarda rad etilib, bolaning og‘ir tan jarohatlari olgani ma’lum bo‘ldi. Ona sog‘lig‘i sabab farzandini avvaldan tanish enagaga ishonib topshirganini aytdi.
“Tanish bo‘lganligi tufayli ishongandim, u opa opamning qizi, jiyanimga ham qaragan edi. Tanish edi”, deydi u.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, enaga bolaga yaxshi qarashni va’da qilgan.
“Bolalarim bilan birga qarab, yugurib, o‘ynab yuradi, “yaxshi qarayman”, degan”, deydi ona.
Onaning sog‘lig‘i esa unga farzandiga mustaqil qarash imkonini bermagan.
“O‘zimning sudirgim bor, epilepsiya kasalim bor. O‘zim qaray olmayman. Shuning uchun Qozog‘istonga davolanishga ketgan edim”, deydi u.
Shuningdek, ona enaga xizmatlari uchun oyiga 3 million so‘mdan to‘lab kelganini bildirdi. Biroq Ramazon oyida moddiy qiyinchilik sabab to‘liq pul bera olmagan.
“Oyiga 3 million so‘m berardim. Ramazon oyida pul qilib bera olmadim, 2 million berdim, 1 million qarz bo‘lib qoldi. Shunda u “qarzingni to‘lasang bolangni ko‘rasan, bo‘lmasa ko‘rsatmayman”, deb ham aytgan”, deydi ona.
Ayol operatsiyadan keyin o‘g‘lining vafoti haqidagi xabarni eshitgan. Dastlab unga bola zaharlanishdan o‘lgani aytilgan. Biroq keyinchalik bu ma’lumot rad etilgan.
“Kasalxonadan chiqqanimda “otravleniye bo‘lib o‘ldi” deyishdi. Hamma shuni aytdi”, deydi ona.
Huquq-tartibot idoralari esa bolaning tanasida og‘ir jarohatlar borligini bildirgan.
“Tergovchilar “bu zaharlanish emas, hamma joyi kuchli jarohat” dedi”, deya qo‘shimcha qiladi u.
Bolaning jasadini ko‘rganlar ham uning tanasida og‘ir zo‘ravonlik alomatlari bo‘lganini tasdiqlagan.
“Ko‘zi ochiq, hamma joyi qonab, yirtilib yotibdi”, degan tergovga aloqador shaxslardan biri.
Jasadni yuvgan ayol esa jarohatlar qo‘l bilan emas, balki qattiq buyum orqali yetkazilganini aytgan.
“Bu qo‘lda urilmagan, temirda urishgan”, degan u.
Morg xodimlari ham shu xulosani tasdiqlagan. Onaning aytishicha, bolaning tanasidagi jarohatlar dahshatli darajada bo‘lgan.
“Qulog‘i yirtilgan, boshining orqa qismi yorilgan, tishlari singan, lablari qon talash bo‘lib shishib ketgan edi”, deydi u.
Holat yuzasidan enaganing onasi ham ko‘rsatma bergan.
“Qizimni kechiring, qizimda ayb yo‘q, qizim homilador”, deydi u.
Biroq jabrlanuvchi tomon bu masalani o‘zlari hal qilmasligini bildirgan.
“Men aralashmayman, opalarim hal qiladi”, degan oila a’zosi.
Keyinchalik enaganing o‘zi ham telefon orqali yig‘lab, kechirim so‘ragan va bolani “berib qo‘yganini” aytgan.
“Odina, kechir meni, bolangni berib qo‘ydim”, degan u.
Shuningdek, oila tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida enaganing turmush o‘rtog‘i haqida ham xavotirli ma’lumotlar aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u yaqinda qamoqdan chiqqan va giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, uning avval ham zo‘ravonlik holatlariga aloqador bo‘lgani aytilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha Bolalar ombudsmani o‘rganish olib bormoqda. Hozirda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Holat yuzasidan 2023 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Z.A. ga nisbatan sodir etilgan jinoyat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi A.X. 2026 yil 18 mart kuni protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Behzod Shamsutdinov
Live
Barchasi