Yarim yil o‘tib: Si Szinpin yana Putin bilan muloqot o‘tkazmoqchi
Olam
−
13 dekabr 2021
4995Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin joriy yilning 15 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan videoaloqa orqali suhbatlashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin xabar bergan.
“15 dekabr kuni Si Szinpin Vladimir Putin bilan videokonferensiya formatida uchrashadi”, deyilgan diplomat bayonotida.
Kremlga ko‘ra, muzokaralar mavzusi kelajakda hamkorlikni rivojlantirish bo‘ladi.
“Rossiya-Xitoyning 2021 yildagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ish natijalari sarhisob qilinadi va hamkorlikning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilinadi”, deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari dolzarb global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, yetakchilarning bundan oldingi uchrashuvi ham onlayn tarzda o‘tkazilgan. U joriy yilning 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan hamda Rossiya va Xitoy o‘rtasida imzolangan Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning 20 yilligiga to‘g‘ri kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Si Szinpin joriy yilning 15 noyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan onlayn uchrashuv o‘tkazgandi.