Yaponiyaliklar ehtimoliy urushdan xavotirda. Mamlakatda namoyishlar avj oldi
Olam
−
16:33 2602 2 daqiqa
Yaponiyada Bosh vazir Sanae Takaichining mudofaa siyosatini kuchaytirishga qaratilgan qadamlari ortidan so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik urushga qarshi namoyishlar avj oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tokio va boshqa yirik shaharlarda minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, “No War” shiorlari bilan hukumat siyosatidan norozilik bildirmoqda. 2025 yil oktyabrda hokimiyatga kelgan Takaichi Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushi ortidan shakllangan patsifistik siyosatidan chekinishga qaratilgan bir qator qarorlarni qabul qildi. Xususan, qurol eksport qilish bo‘yicha uzoq yillik taqiq yumshatildi va mamlakat armiyasining xorijdagi roli kengaytirildi.
Hukumat bu choralarni mintaqada xavfsizlik tahdidlari ortib borayotgani bilan izohlagan. Rasmiy Tokio Xitoyning faol siyosati, Shimoliy Koreyaning noaniq xatti-harakatlari va Rossiya bilan yaqinlikni asosiy xavf omillari sifatida ko‘rsatgan. Shuningdek, AQSH ham Yaponiyani xavfsizlik sohasida faolroq bo‘lishga bir necha bor undagan. Biroq mamlakat ichida bu qarorlarga qarshi kayfiyat tobora kuchayib, fuqarolar Yaponiya o‘zining urushdan keyingi tinchlikparvar yo‘lini yo‘qotayotganidan xavotirlanish boshlangan.
Nashrga ko‘ra, Tokio markazidagi namoyishlarda yoshlar ham faol qatnashmoqda. Namoyishchilardan biri, 30 yoshlardagi Akari Maezono hukumat jamoatchilik fikrini inobatga olmayotganini aytgan.
“Bu kabi o‘zgarishlar xalq fikri tinglanmasdan amalga oshirilayotganidan g‘azabdaman”, degan u.
Namoyishlarda qatnashgan boshqa bir keksa fuqaro esa Yaponiya konstitutsiyasining 9-moddasini har qanday holatda saqlab qolish lozimligini ta’kidlagan.
“Aynan shu modda Yaponiyani avvalgi mojarolardan chetda ushlab turdi. Agar u bo‘lmaganida, mamlakat allaqachon urushga tortilib ketgan bo‘lardi”, degan u.
Ma’lumot uchun, Yaponiya konstitutsiyasining 9-moddasi 1947 yilda qabul qilingan bo‘lib, unda mamlakat urushdan voz kechishi va hujumkor armiya saqlamasligi belgilangan. Keyinchalik esa bu modda qayta talqin qilinib, “o‘zini himoya qilish kuchlari”ga ruxsat berilgan.
Namoyishlar Tokiodan tashqari Osaka, Kioto va Fukuoka shaharlarida ham faollashgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi chaqiriqlar ortidan ishtirokchilar soni hafta sayin oshib bormoqda.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi