Yaponiyalik bokschi jangdagi og‘ir zarbadan so‘ng xotirasini yo‘qotdi (video)
Sport
−
21 iyun 2025 12710 1 daqiqa
Yaponiyalik yarim o‘rta vazn toifasidagi bokschi Jin Sasaki amerikalik Brayan Norman Junior bilan jangda og‘ir zarbadan so‘ng xotirasini yo‘qotdi. U so‘nggi bir yarim oy ichida nima bo‘lganini eslay olmayapti. Bu haqda “Daily.co.jp” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, jang tugagach, Sasaki darhol shifoxonaga olib borilgan. Uning sport zali rahbari Ishio Nakaya bokschining oxirgi bir yarim oyda sodir bo‘lgan hech bir voqeani, hatto ushbu jangga rozi bo‘lganini ham eslay olmasligini aytgan.
“Jangdan keyin Sasakini shifoxonaga olib borishdi va kompyuter tomografiyasi qilindi. Qon ketishi yoki boshqa jarohatlar aniqlanmadi. Biroq boshiga kuchli zarba tufayli u xotirasini yo‘qotgan. Jismoniy jarohatlar yo‘q, lekin biz uning holatini kuzatishda davom etamiz. Ertaga u qayta tekshiruv uchun shifoxonaga qaytadi”, dedi Nakaya.
Ma’lumot uchun, 23 yoshli Sasakining hisobida 19 g‘alaba (shundan 17 tasi nokaut bilan), 2 mag‘lubiyat va 1 durang bor. Norman esa 24 yoshda bo‘lib, Jahon boks tashkiloti (WBO) yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik unvonini saqlab qoldi. Uning professional faoliyatida 28 g‘alaba (22 tasi nokaut bilan) mavjud.
Live
Barchasi