Yaponiyada turnirdan so‘ng 2 bokschi vafot etdi

Olam

image

Yaponiyalik professional bokschilar – 29 yoshli Xirumasa Urakava va 28 yoshli Sigetosi Kotari jangdan ko‘p o‘tmay vafot etdi. Bu haqda Jahon boks tashkiloti (WBO) xabar berdi.

Qayd etilishicha, sportchilar joriy yilning 2 avgust kuni Yaponiya poytaxti Tokioda bo‘lib o‘tgan turnirda ringga chiqqan. Urakava sakkizinchi raundda texnik nokaut bilan vatandoshi Edzi Saitoga yutqazgan. U jang davomida boshidan og‘ir jarohat olgan. Sportchi zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan va bosh miya ichki qon ketishi tufayli operatsiya qilingan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun kurashgan. Bokschida kraniotomiya (bosh suyagini ochish) amaliyoti o‘tkazilgan, ammo u joriy yilning 9 avgust kuni vafot etgan. 

“Ushbu nihoyatda og‘ir pallada marhumning oila a’zolari, yaqinlari va Yaponiya boks hamjamiyatiga chuqur ta’ziya bildiramiz”, deyiladi WBO bayonotida.

Urakava xuddi shu turnirda hayotdan ko‘z yumgan ikkinchi sportchi bo‘ldi. WBO oldinroq 28 yoshli yapon bokschisi Sigetosi Kotarining ham vafot etganini ma’lum qilgan. U ham titul jangidan so‘ng xuddi shunday jarohat oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Ushbu sportchi o‘z hamyurti Yamato Xata bilan jang o‘tkazgan. Unda Sharqiy va Tinch okeani boks federatsiyasining ikkinchi yengil vazn toifasidagi (59 kilogramgacha) chempionlik kamariga da’vogar aniqlanishi kerak bo‘lgan. Jang to‘liq 12 raund davom etgan va ko‘pchilik hakamlarning qarori bilan durang natija qayd etilgan. Xata o‘z unvonini himoya qilgan.

Jang davomida Kotari boshidan og‘ir jarohat olgan. Bellashuvdan so‘ng u shifoxonaga yotqizilgan va operatsiya qilingan. Biroq oradan bir necha kun o‘tib 28 yoshli yaponiyalik sportchi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yaponiyalik yarim o‘rta vazn toifasidagi bokschi Jin Sasaki amerikalik Brayan Norman Junior bilan jangda og‘ir zarbadan so‘ng xotirasini yo‘qotgandi. U so‘nggi bir yarim oy ichida nima bo‘lganini eslay olmagan.


Maqola muallifi

Teglar

boks Yaponiya WBO Sigetosi Kotari Xirumasa Urakava

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing