Yaponiyada zilzila sodir bo‘ldi
Olam
−
12 may 2023
7931Yaponiyaning poytaxti Tokio yaqinidagi Tiba prefekturasida kecha, 11 may, kuni 5,2 magnitudali zilzila yuz berdi. Oqibatda 8 kishi jarohatlandi. Bu haqda NHK telekanali xabar qildi.
Voqea mahalliy vaqt bilan 04:16 da yuz bergan. Dastlab, magnituda 5,4 deb belgilangan, keyin esa 5,2 ga tushirilgan. Zilzila o‘chog‘i 40 kilometr chuqurlikda joylashgan. Aytilishicha, sunami xavfi bo‘lmagan.
Hodisa oqibatida poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan, binolardagi liftlar to‘xtatilgan.
Qayd etish joiz, Yaponiya seysmik faol zona hisoblanadi. Bu mamlakatda eng dahshatli zilzilalardan biri 2011 yilning 11 mart kuni sodir bo‘lib, “Buyuk sharqiy yapon zilzilasi” nomini olgan. Yer silkinishi 9 ballga teng bo‘lgan. Zilzila ortidan sunami yuzaga kelgan va 69 daqiqa o‘tgandan so‘ng sunami Senday shahrini suvga g‘arq qilgan. Bu tabiiy ofat dunyo tarixidagi eng kuchli zilzilalar qatorida yettinchi, turli baholarga ko‘ra 6, 5 yoki 4-o‘rinda turadi. Halok bo‘lganlar soni bo‘yicha esa Yaponiyada 1896 hamda 1923 yilgi zilzilalardan ortda qoladi.
LiveBarchasi