Insoniyat “yostig‘ini quritgan” dunyo tarixidagi eng kuchli zilzilalar

Bu qiziq

Tabiiy ofatlar, shu jumladan, vulqon otilishi, suv toshqinlari, yong‘in, ob-havoning keskin o‘zgarishi, yuqumli infeksiyalarning paydo bo‘lishi oqibatida insoniyat moddiy-ma’naviy zarar ko‘rmoqda. Ammo shunday bir ofat borki, u nafaqat insoniyatga, balki nabototu jonzotlarga ham katta yo‘qotishlarni olib keladi. Bu ofat – zilziladir. QALAMPIR.UZ quyida dunyo tarixida ko‘plab insonlarning umriga zomin bo‘lgan, mamlakatlarga katta talafotlar keltirgan, insonlar hayotini ostin-ustun qilib yuborgan zilzilalar haqida bayon etadi.

1139 yil, Ganja zilzilasi – taxminan 11 ball

Hozirgi Ozarbayjon hududining Ganja shahri yaqinida 1139 yilning 30 sentyabr kuni taxminan 11 balli zilzila sodir bo‘lgan. Oqibatda 230 ming kishi halok bo‘lgan. Zilzila vaqtida Kapaz tog‘i qulab, yonidan oqib o‘tuvchi Oxsu daryosining kanalini to‘sib qo‘ygan, oqibatda sakkizta ko‘l hosil bo‘lgan, ulardan biri Go‘ygo‘l ko‘lidir. Ushbu ko‘l hozirda xuddi shu nomdagi qo‘riqxona hududida joylashgan. Hozirga qadar zilzila eng ko‘p qurbonlar qayd etilgan beshta yer qimirlashidan biri hisoblanadi.

1556 yil, Buyuk Xitoy zilzilasi

Xitoyning Shensi provinsiyasida 1556 yilning 23 yanvar kuni katta kuchdagi zilzila sodir bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatida salkam 830 ming kishi halok bo‘lgan. Daryo bo‘yida joylashgan Xuasyan shahri butkul yo‘q bo‘lib ketgan. Zilzila tufayli 20 metrlik yoriqlar paydo bo‘lib, 500 kilometrlik hududga zilzila o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Dastlabki zilziladan so‘ng uzoq vaqt davomida ko‘plab yer qimirlashlari kuzatilgan. 

Ushbu tabiiy ofatdan oldin shaharda 2000 ga yaqin binolarda 6500 nafar aholi istiqomat qilgan, falokat tufayli ularning hech biri omon qolmagan.

1692 yil, Yamayka zilzilasi

1692 yilning 7 iyun kuni taxminan 11:43 da Yamaykadagi Port-Royal shahrida sodir bo‘lgan. Zilzila oqibatida 2 ming kishi sunami, 3 ming kishi tarqalgan kasallik va jarohatlar tufayli halok bo‘ladi. Tabiiy ofatdan oldin shaharda 2000 ga yaqin binolarda 6500 nafar aholi istiqomat qilgan, zilzila tufayli ularning hech biri omon qolmagan.

1693 yil, Buyuk Sitsiliya zilzilasi

Sitsiliya (Italiya) tarixidagi eng kuchli zilzila bo‘lib, 1693 yil Etna vulqoni otilishi ortidan sodir bo‘ladi. 100 ming nafarga yaqin odamlar halok bo‘lgan. Shundan so‘ng arxetikturaning barokko uslubida yangi ko‘rinish “sitsiliya-barokko” yo‘nalishi paydo bo‘ladi.

1908 yil, Messina zilzilasi – 7,8 ball

1908 yil 28 dekabr kuni soat 5:20 da Sitsiliya va Appenin yarimoroli o‘rtasida 7,8 magnitudali yer ko‘chishi sodir bo‘ladi. Natijada 3 metrlik sunami yuzaga keladi. Bu zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni turli ma’lumotlarda 200 ming nafargacha deb qayd etilgan.

1948 yil, Ashxobod zilzilasi – 7,3 ball

Rixter shkalasi bo‘yicha 7,3 balli zilzila 1948 yil 6 oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda mahalliy vaqt bilan 02:17 da sodir bo‘ladi.

Zilzila o‘chog‘i 18 km chuqurlikda joylashgan edi. Zilzila gipomarkazida tebranishlar 9-10 ballgacha yetgan. Shahar to‘liq vayronaga aylanib, halok bo‘lganlar soni esa 35 ming kishini tashkil qilgan.

Turkmanistonning boshqa shaharlariga 120 ta harbiy va fuqarolik samolyotlari orqali 8799 kishi evakuatsiya qilinadi. 1995 yildan beri Turkmanistonda 6 oktyabr – Xotira kuni sifatida nishonlanadi.

1966 yil, Toshkent zilzilasi – 8 ball

1966 yil 26 aprelda 8 balli zilzila manzili bo‘lgan Toshkent katta yo‘qotishlarni boshdan kechirgan. Silkinishlar bir necha kungacha vaqti-vaqti bilan takrorlanib turgan.

Buning oqibatida 78 ming oila boshpanasiz qolgan, 2 million kvadrat metr yerdagi turar-joylar, 7600 o‘rinli maktablar, 2400 o‘rinli bog‘chalar ishdan chiqqan, 690 savdo va 84 turli korxona idoralari ziyon ko‘rgan.

Asosiy zilziladan keyin 1966-1968 yillar oralig‘ida bir qancha yer silkinishlari davom etadi. Markaziy seysmik stansiya birinchi kuchli zarbadan so‘ng silkinishlarning 2500 dan ortiq takrorlanganini qayd qilgan.

1988 yil, Armaniston zilzilasi – 10,5 ball

1988 yil 7 dekabrda Armanistondagi 10,5 balli yer qimirlashi oqibatida 25 ming odam halok bo‘lgan. 8 million kvadrat maydondagi uy-joy vayron bo‘lgan, 514 ming kishi boshpanasiz qolgan.

Xarobalar ostida qolganlardan 15 mingdan ortiq kishi qutqarib olingan. Yer silkinishi 4 ta katta shahar – Leninakan, Kirovokan, Spitak va Stepanavan hamda 58 ta yashash punktlarini o‘z ichiga olgan.

Shulardan 1,5 mingta qishloq vayron bo‘lgan, 12 ta shahar shikastlangan, ulardan 3 tasi batamom yo‘q bo‘lib ketgan.

1990 yil, Eron zilzilasi – 8 ball

Mamlakat tarixidagi eng katta moddiy zarar keltirgan zilzila 1990 yilda sodir bo‘lgan. 8 balli yer qimirlashi oqibatida 50 ming odam halok bo‘lgan, 1 millionga yaqin kishi jarohat olgan.

2011 yil, Yaponiya zilzilasi – 9 ball

2011 yilning 11 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da Xonsyu orolining sharqiy qirg‘og‘idagi “Buyuk sharqiy yapon zilzilasi” nomini olgan yer silkinishi sodir bo‘ladi. Zilzila shkala bo‘yicha 9 ball deya baholangan. Zilzilaning o‘chog‘i Tinch okeanining 35 km chuqurligida joylashgan edi.

Zilzila ortidan sunami yuzaga kelgan va 69 daqiqa o‘tgandan so‘ng sunami Senday shahrini suvga g‘arq qilgan. Bu tabiiy ofat dunyo tarixidagi eng kuchli zilzilalar qatorida yettinchi, turli baholarga ko‘ra 6, 5 yoki 4-o‘rinda turadi. Halok bo‘lganlar soni bo‘yicha esa Yaponiyada 1896 hamda 1923 yilgi zilzilalardan ortda qoladi.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing