Yaponiyada dahshatli toshqinlar tinmayapti. 3 hududda xavfning “qizil” darajasi e’lon qilindi
Olam
−
07 iyul 2020
8266Yaponiyaning Bosh meteorologik boshqarmasi hamon davom etayotgan va intensiv yomg‘ir sabab mamlakat janubi-g‘arbidagi uchta prefekturada xavfning eng yuqori darajasini e’lon qildi. Bu haqda NHK telekanali xabar berdi.
Janubiy-g‘arbiy Kyusyu orolidagi Fukuoka, Saga va Nagasaki prefekturalarida xavfning eng yuqori darajasi e’lon qilingan. Qator tumanlarda atigi bir soatda 110 millimetrdan ortiq yog‘in tushgan. Ko‘chki va aholi yashash manzilgohlarini suv bosish xavfi yuqori. Yana sakkiz prefekturada ko‘chki xavfi e’lon qilingan.
Sinoptiklar yaqin bir kunda Kyusyu orolining shimoliy qismiga 250 mm yog‘in tushishi kutilayotganini ma’lum qilgan. Kyusyu oroli janubida va Sikoku orolida esa 180-200 mm yog‘in tushishi kutilyapti.
Ayni vaqtda Sikokudagi Exime prefekturasida va Kyusyudagi oita prefekturasida 350 ming kishini evakuatsiya qilish tavsiya etilgan.
Avvalroq, Yaponiya janubiy-g‘arbida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida suv toshqinlari boshlangani haqida xabar bergan edik. Natijada odamlarning uyini suv bosib qolgan.
Hozirgacha toshqin sabab 50 kishi vafot etgan, 3 kishi og‘ir ahvolda, 11 kishi bedarak yo‘qolgan hisoblanyapti. Kyusyuda qutqaruvchilar va 10 ming nafar harbiy ish olib boryapti. Kuchli yomg‘ir Janubdan shimolga qarab harakatlanyapti. Endilikda faqatgina Kyusyu emas, Sikoku va Yaponiyaning asosiy oroli Xonsyu oroli ham kuchli yomg‘ir va toshqindan zarar ko‘ryapti.