Yaponiya TIV rahbari Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi
Jamiyat
−
27 avgust 7560 2 daqiqa
Kecha, 26 avgust kuni Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya rafiqasi bilan Samarqand shahriga bordi. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vazirliga habar berdi.
Tushlikda Yaponiya vaziri O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov va Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ular Samarqand va Yaponiya o‘rtasida iqtisodiyot, madaniyat va turizm kabi sohalarda mintaqaviy almashinuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik yuzasidan fikr almashdi.

Shundan so‘ng vazir Takesi Ivaya Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, jumladan, Yaponiyaga uch marta tashrif buyurgan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi poyiga gul qo‘yib, unga hurmatini izhor etdi.

Bundan tashqari, vazir Ivaya Yaponiya kompaniyalari (ISUZU MOTORS LIMITED va ITOCHU Corporation) sarmoya kiritgan va yapon markali avtomobillar ishlab chiqarilayotgan Samarqand avtomobil zavodi hamda JICA hamkorlik dasturining “Olma yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish va fermerlarga tarqatish” ko‘magida tashkil etilgan olma bog‘ida bo‘ldi. “Olma yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish va fermerlarga yetkazish” dasturi orqali O‘zbekistonga yapon olma yetishtirish texnikasi joriy etilib, ish samaradorligi, hosil hajmi va sifati yaxshilangan, bu esa fermerlarning turmush sharoitini yaxshilashga olib kelgan.

Bugun, 27 avgust kuni Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Toshkentga keldi. U rafiqasi bilan Toshkent shahridagi Yakkasaroy yapon qabristoniga tashrif buyurib, gullar qo‘ydi. Shundan so‘ng ular 1940 yillarda Yaponiya fuqarolarining O‘zbekistonda bo‘lganini ko‘rsatuvchi memorial ko‘rgazma muzeyiga ham bordi. Muzey direktori o‘rinbosari Risolat Sultonova o‘sha davrda yapon asirlari va o‘zbeklar o‘rtasidagi iliq munosabatlarni tushuntirib berar ekan, vazir shu zamonga oid buyumlar va materiallarni ko‘zdan kechirdi.


Takesi Ivaya o‘zbekistonlik mavqedoshi Baxtiyor Saidov bilan ham uchrashdi.

Maxlumot uchun, Takesi Ivaya 25 avgust kuni Qozog‘istonda bo‘lgan va mamlakat rahbariyati bilan uchrashgandi.
Live
Barchasi