Yaponiya Rossiyadagi markazlarining barchasini yopdi
Olam
−
10 Sentabr 2025 4088 2 daqiqa
Tokio Rossiyada joylashgan barcha Yapon markazlarini yopish qarorini qabul qildi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Yosimasa Xayasi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Yapon markazi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha” nomli bu tashkilot 2000 yilda hukumatlararo memorandumlar asosida tuzilgan edi. Keyinchalik 2003 yilda yana bir hujjat qabul qilingan bo‘lib, ular Rossiya hududida markazlarning ochilishi va faoliyatini tartibga solgan.
Markazlar asosan yapon tilini o‘qitish, hududlarda biznes-seminarlar o‘tkazish, Yaponiya bilan amaliyotlar tashkil etish hamda yapon kompaniyalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashib kelgan. Ularning faoliyati Yaponiya hukumati tomonidan, Rossiyadagi Yaponiya elchixonasi orqali moliyalashtirilgan.
Rossiyada bunday markazlarning oltitasi faoliyat yuritardi – Moskvada, Sankt-Peterburgda, Nijniy Novgorodda, Yujno-Saxalinskda, Xabarovskda va Vladivostokda. Avvallari ularga Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida qaralgan. Biroq 2022 yildan boshlab Ukrainadagi harbiy amaliyot tufayli, Yaponiya ham G‘arb davlatlari qatorida Rossiyaga sanksiyalar joriy etdi va bu orqali vaziyat keskinlashdi. 2025 yil yanvar oyida Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin yapon markazlari faoliyatini tartibga soluvchi hukumatlararo memorandumlarni bekor qilishni buyurdi va TIVga Tokio tomonini bu qaror haqida xabardor qilish topshirig‘ini berdi.
Ma’lumot uchun, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan so‘ng, Yaponiya birinchilar qatorida Moskvaga sanksiya kiritdi. Ular orasida Rossiya davlat obligatsiyalarini chiqarishni taqiqlash, ayrim shaxslar va banklar aktivlarini muzlatish va viza cheklovlari bor edi. 2024 yilning aprel oyida Yaponiyaning Iqtisodiyot va sanoat vazirligi avtomobil dvigatellari yog‘i, optik uskunalar va boshqa mahsulotlarni o‘z ichiga olgan 164 ta eksport cheklovi ro‘yxatini e’lon qildi. Cheklovga rossiyaliklardan tashqari, Rossiya bilan aloqasi bo‘lgan va sanksiyani aylanib o‘tishda ayblangan tashkilotlar ham kiritildi. 2025 yilning boshida esa Yaponiya hukumati yangi sanksiyalar paketini qabul qilib, 11 kishi va 29 ta Rossiya tashkiloti, shuningdek, 3 ta bank, aktivlarini muzlatdi. Qolaversa, 22 ta Rossiya tashkilotiga va 335 turdagi eksport tovariga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Umuman olganda, Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixdagi eng past chegaraga tushib qoldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Tashqi Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Kitamura Toshixiro Toshkentda tashkil etilgan matbuot anjumanida Yaponiya Rossiyani bosqinchi davlat, deb hisoblashi, uning harakatlarini keskin qoralashini aytgandi.
Live
Barchasi