Yaponiya Fukusimadagi radioaktiv suvni okeanga chiqarishni boshladi
Olam
−
24 avgust 2023
5295Yaponiya bugun, 24 avgust kuni vayronaga aylangan Fukusima atom elektr stansiyasidan 1 million metr kubdan ortiq tozalangan radioaktiv suvni okeanga chiqarishni boshladi. Bu haqda “Reuters” nashri ma’lum qildi.
“Men Tokio Electric Power Company (stansiyani boshqaruvchi kompaniya)dan rejaga muvofiq suvni oqizishga tezda tayyorgarlik ko‘rishni so‘radim va ob-havo sharoiti imkon bersa, suvni chiqarish 24 avgustda boshlanishini aytdim”, dedi Bosh vazir Fumio Kishida.
Ammo baliqchilik bilan kun ko‘ruvchi guruhlar bu rejaga qarshi. Ular radioaktiv suv tirikchiliklariga putur yetkazishidan qo‘rqmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 24 avgustdan boshlab chiqariladigan suvning birinchi partiyasi taxminan 17 kun ichida jami 7800 kub metrni tashkil qiladi. Bu suv bir litrda taxminan 190 bekkerel (radioaktivlik birlik) tritiyni o‘z ichiga oladi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining litriga 10 000 bekkerel ichish chegarasidan past va shu sababli ham Yaponiya bu suvni chiqarish xavfsiz ekanligini aytmoqda.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yadroviy nazorat organi bo‘lgan Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) iyul oyida rejaning xalqaro standartlarga javob berishini, uning odamlar va atrof-muhitga ta’siri “arzimas” ekanini aytgan.
“MAGATE va boshqa ko‘plab davlatlar bu xavfsiz ekanini aytdi, shuning uchun men bunga ishonaman. Lekin baliqchilar juda ko‘p muammolarga duch kelmoqda. Shu sababli Yaponiya hukumati ularni rozi qilish uchun nimadir qilishi kerak”, deydi 77 yoshli nodavlat tashkilot xodimi Xiroko Xashimoto.
Ushbu missiyaga Xitoy ham butkul qarshi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin bu harakatni “o‘ta xudbinlik” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bu qarordan qattiq xavotirda va rasmiy shikoyat bilan chiqqan.
“Xitoy dengiz muhitini, oziq-ovqat xavfsizligini va aholi salomatligini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi”, dedi Van.
Yaponiya esa suvdan radioaktiv elementlarning ko‘pini olib tashlashini aytmoqda. Ammo vodorod izotopi tritiy bundan mustasno. Chunki uni filtrlash uchun suyultirish kerak, bu esa qiyin jarayon.
Rasmiylarga ko‘ra, suvni oqizishdan keyin birinchi sinov natijalari sentyabr oyi boshida olinadi. Shuningdek, zavod yaqinidagi suvlarda baliqlar sinovdan o‘tkaziladi va sinov natijalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi veb-saytiga joylashtiradi.
LiveBarchasi