Yaponiya Bosh vazirining qancha boyligi borligi e’lon qilindi
Olam
−
23 noyabr
10491Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning shaxsiy boyligi qariyb 33,8 mln iyena (218,2 ming dollar)ga teng. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Bosh vazir o‘z hukumatida 12-o‘rinni egallagan.
Bosh vazirning mol-mulkining katta qismi uning tug‘ilgan joyi Tottori prefekturasidagi ko‘chmas mulkka to‘g‘ri keladi. Yaponiya hukumati rahbari, shuningdek, bankda 5 million iyena (32,3 ming dollar) miqdorida depozit va aksiyalar paketiga ega.
Sigeru Isibadan avval Yaponiya Bosh vaziri bo‘lib ishlagan Fumio Kisida ko‘chmas mulk va jami 186 million iyena (1,2 million dollardan ortiq) bank depozitlariga ega bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaponiya Liberal-demokratik (LDP) partiyasi yetakchisi Sigeru Isiba Vakillar palatasida (parlamentning quyi palatasi) bo‘lib o‘tgan ikkinchi tur ovoz berish yakunlariga ko‘ra mamlakat Bosh vaziri etib saylangandi. Qayd etilishicha, Isibani 221 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan. Asosiy muxolifat bo‘lgan Konstitutsiyaviy-demokratik partiya raisi Yosixiko Nodani esa 160 deputat qo‘llagan. Jami 381 ta ovoz berilgan.
Muhammad Hodiyev