Yaponiya bilan navbatdagi sammit O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin

Jamiyat

image

Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida o‘tkaziladigan davlat rahbarlari darajasidagi keyingi sammitni O‘zbekiston qabul qilishga tayyor. Bu taklif bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ilgari surildi.

Avvalo, sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklif qilingan. Bu hamkorlikka qo‘shimcha kuchli sur’at bag‘ishlashga xizmat qiladi. Navbatdagi shunday uchrashuvlardan birini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirilgan.

Yaponiyaning adliya va huquq sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi doimiy mexanizmini yaratish va kelgusi yili Tokioda Adliya vazirlarining birinchi uchrashuvini tashkil etish borasidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan.

Davlat rahbari O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqib, hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish bo‘yicha aniq dastur va loyihalarni kiritish tarafdori ekanligini qayd etgan.

Yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish, hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini ta’sis etish muhimligi ta’kidlangan. Forumning ilk majlisini kelgusi yili Toshkentda o‘tkazish taklif qilingan.

O‘zbekiston yetakchisi Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishini olqishlagan.

“Ishonaman, Markaziy Osiyoning boy tabiiy va kadrlar resurslarini Yaponiyaning sanoat va texnologik salohiyati bilan birlashtirib, bir-birimizni to‘ldirish va kuchaytirish bo‘yicha samaraga erisha olamiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish taklif qilingan. Uning negizida “Sifatli infratuzilma” bo‘yicha dastur hamda Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmog‘i – sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini ishga tushirish mumkin.

Bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy o‘sish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib borayotganidan kelib chiqib, davlat rahbari “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sun’iy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik platformasini yaratish muhimligini qayd etgan.

Tezyurar poyezdlar va avtomobil yo‘llarini barpo etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish loyihalariga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlari ko‘magini jalb etishdan manfaatdorlik bildirilgan.

“Yashil” energetika sohasidagi hamkorlik doirasida kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, yo‘qotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish bo‘yicha birgalikda loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan. Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifi ilgari surilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Yaponiya Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing