Yaponiya Afg‘onistonga harbiy samolyot yuboradi
Olam
−
23 avgust 2021
11731Yaponiya hukumati o‘z fuqarolarini, shuningdek mamlakatning Qobuldagi vakolatxonalarida ishlagan mahalliy aholini evakuatsiya qilish uchun Afg‘onistonga O‘zini himoya qilish kuchlarining transport samolyotini yuborishga qaror qildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Katsunobu Kato Tokiodagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Bugun kechqurun evakuatsiyani amalga oshirish uchun Afg‘onistonga birinchi samolyot yuboriladi. Bu masala milliy xavfsizlik kengashining ertalabki yig‘ilishida muhokama qilindi”, degan u.
Unga ko‘ra, gap C-130 (“Si-130”) harbiy transport samolyoti haqida ketmoqda.
Ta’kidlanishicha, birinchi o‘rinda Yaponiya fuqarolari va ularning oila a’zolari evakuatsiya qilinadi. Shuningdek, Yaponiya elchixonasida, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vakolatxonasida va boshqa tashkilotlarda ishlagan mahalliy aholini Afg‘onistondan olib chiqish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Yaponiya Qobuldagi diplomatik vakolatxonasini vaqtinchalik yopgan. Hozirgacha Yaponiya elchixonasining barcha xodimlari Dubayga evakuatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH, Britaniya, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Germaniya kabi davlatlar Afg‘onistondan evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqda.
Xususan, Germaniya evakuatsiya ishlarini O‘zbekiston orqali amalga oshiryapti. Shveysariya ham O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida foydalanishni rejalashtirmoqda.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi