Yangiobod tuman hokimi o‘rinbosari 10 yilga qamaldi
3-sahifa
−
20 fevral 2024
8784Yangiobod tumani hokimining sobiq o‘rinbosari va uning jinoiy sherigiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2023 yilning may oyida Jizzax viloyatidagi qurilish firmasi rahbari bo‘lib ishlovchi fuqaro Q.M. Yangiobod tumani hokimining v.b. o‘rinbosari bo‘lgan Q.R. bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, “Angren Mashal Servis” MCHJ rahbari U.T.ga shamol elektr stansiyalari qurish uchun 200 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer toifasini sanoat zonasiga o‘tkazib, ushbu yer maydonlarini unga olib berishni va’da qilgan.
Shu tariqa, hokim o‘rinbosari tadbirkorni kelgusida ushbu yer maydoniga investitsiya kiritib, shamol elektr stansiyalarini qurishi va investor topib, yaxshigina daromad olishi mumkinligini aytib, ishontirgan.
2023 yil 8 iyun kuni esa Q.M. va Q.R. tadbirkor U.T.ning to‘liq ishonchiga kirish maqsadida Q.R.ning qo‘l ostidagi xodimlar orqali shamol elektr stansiyalari qurish uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 200 gektar yer maydonini ko‘rsatadi va Yangiobod tumani hamda Jizzax viloyat hokimligidagi tanishlarini ishga solib, auksion savdo orqali ushbu yer maydonini U.T.ga olib berishlarini aytadi. Evaziga esa undan 200 ming dollar talab qiladi.
2023 yilning 18 iyun kuni Q.M. kelishilgan summaning yarmi, ya’ni 100 ming dollarni Jizzax shahrida joylashgan restoranlarning birida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, jinoyatni to‘liq fosh etish maqsadida dastlabki ko‘rsatmalar hamda mavjud dalillarga asoslanib, uning Yangiobod tumani hokimligida mas’ul lavozimda ishlovchi tanishi ham qo‘lga olingan. Shu tariqa sheriklarning qing‘ir rejasi oxiriga yetmay qolgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, Q. M.ga BHMning 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Q.R.ga esa BHMning 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sarvar Xurramov