Yangi Zelandiya Rossiya va Belarusga sanksiya qo‘lladi

Olam

image

Yangi Zelandiya Rossiya Federatsiyasi va Belarusning olti nafar shaxsi va 17 tashkilotini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“Biz olti kishi va 17 sub’ektga materiallar yetkazib berish va Ukrainadagi harakatlarida Rossiyaga strategik yordam ko‘rsatgani uchun sanksiya qo‘llayapmiz”, deyiladi vazirlik saytida.

Sanksiya ro‘yxatiga Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkova, Moskva viloyatidagi bolalar huquqlari bo‘yicha komissar Kseniya Mishonova va boshqa shaxslar kiritilgan.

Shuningdek, “Proton-Elektroteks”, "Elektrovipryamitel" ochiq aksionerlik jamiyatiga va yarimo‘tkazgich qurilmalarini ishlab chiqarishga nisbatan cheklovlar kuchga kirgan.

“Ushbu sanksiyalar Rossiya harbiy-sanoat kompleksining 14 nafar shaxsi va tuzilmalariga taalluqlidir. Ular Rossiya tomonidan qo‘llaniladigan qurollar, elektron komponentlar va texnologiyalarni (mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar kabi) loyihalashtiradi, ishlab chiqaradi yoki yetkazib beradi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Belarusning oltita moliya instituti, shu jumladan, Belarus Taraqqiyot banki, “Dabrabit” banki, “Belinvestbank” ham sanksiyalar ostida qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritgandi. Ushbu yangi to‘lqin birinchi navbatda Rossiyaning harbiy-sanoat sektoriga, ilm-fan, banklar va tog‘-kon sanoatiga qaratilgan. Umuman olganda, Vashington sanksiyalar ro‘yxatini deyarli 120 kishi va tashkilotga kengaytirdi. Ular orasida Rossiyaning bir qancha banklari va amaldorlari, jumladan, vazir o‘rinbosarlari ham bor.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga qarshi barcha iqtisodiy sanksiyalarni olti oyga – 2024 yil yanvari oxirigacha uzaytirgandi. 

Ma’lumot uchun, 2022 yil fevral oyidan boshlab Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi bir tomonlama sanksiyalarni 11 ta yangi blokirovka paketlari bilan kuchaytirdi. Ushbu sanksiyalar rejimi YeI tarixidagi eng yirigi sanaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya sanktsiya Yangi Zelandiya Belarus'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing