Yangi Zelandiya ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Olam

image

Yangi Zelandiya hukumati 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini parlamentga kiritdi. Qonun qabul qilinsa, Instagram, TikTok, Snapchat va Facebook kabi platformalarda foydalanuvchining yoshi tekshiriladi. Bu haqda DW xabar berdi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchining 16 yoshga to‘lganini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Buning uchun yuz orqali yoshni aniqlash texnologiyasi, raqamli identifikatsiya kabi vositalardan foydalanish mumkin.

Yangi talablarni bajarmagan platformalarga ularning global daromadining 10 foizigacha jarima solinishi mumkin. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar yosh foydalanuvchilarga yetkazishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholashi va ularni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida hisobot berishi talab etiladi.

Yangi Zelandiya Bosh vaziri Kristofer Lakson bolalarga ijtimoiy tarmoqlar ta’siri ortib borayotganini ta’kidlagan. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 13-17 yoshdagi bolalarning har uch nafaridan biri ijtimoiy tarmoqlarda kuniga kamida besh soat vaqt o‘tkazmoqda.

Ta’lim vaziri Erika Stenfordning aytishicha, qonun doirasidagi majburiyatlar bolalar va ularning ota-onalariga emas, aynan ijtimoiy tarmoq platformalariga yuklatiladi. Bolalar, ota-onalar yoki vasiylarga nisbatan jarima qo‘llash rejalashtirilmagan. Biroq qonun loyihasining kelajagi hozircha noaniq. Hukumat tarkibidagi NZ First va ACT partiyalari taklifning samaradorligiga shubha bildirib, unga qarshi chiqmoqda.

Yangi Zelandiya bu borada Avstraliya tajribasiga ergashmoqda. Avstraliyada 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash qoidalari o‘tgan yili kuchga kirgan. Biroq avstraliyalik tadqiqotchilar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ushbu chora o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini sezilarli darajada kamaytirganiga dalillar kam ekani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon rasmiylari 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing