Ozarbayjonda bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishi taqiqlanadi
Olam
−
01 iyul 881 2 daqiqa
Ozarbayjon rasmiylari 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlaydi. Bu haqda “Oxu.az” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat parlamenti kecha, 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy uchinchi o‘qishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, shuningdek, “Axborot, axborotlashtirish va axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi hamda “Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlarni qabul qilgan.
16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishlari va ulardan foydalanishlari uchun faqat o‘z qonuniy vakillarining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Yoshni tekshirish uchun bank kartasidan (undan ma’lum miqdordagi mablag‘ yechib olinib, keyin qaytarib beriladi), mobil telefon raqami va elektron pochta manzilidan foydalanish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish mas’uliyati provayderlar, ya’ni ijtimoiy tarmoq egalari zimmasiga yuklanadi. Qayd etilishicha, ularda yangi qonunda ko‘zda tutilmagan boshqa texnik yoshni tekshirish usullaridan foydalanish imkoniyati ham saqlanib qoladi. Ushbu yangi qoidalar joriy etiladigan platformalar ro‘yxati hozircha tasdiqlanmagan.
Xorijiy provayderlar Ozarbayjonda o‘z filiali yoki vakolatxonasini ochishga, shuningdek, davlat organlari bilan hamkorlik qilish uchun aloqa markazini tashkil etishga majbur bo‘ladi.
Agar platforma ro‘yxatga kiritilganidan keyin olti oy o‘tib barcha talablarni bajarmasa, uni jarimalar kutmoqda – umumiy hisobda 400 ming ozarbayjon manatigacha (taxminan 235 ming dollar). Keyinchalik ham qoidabuzarliklar davom etsa, bu provayder trafigining mamlakat hududida bosqichma-bosqich cheklanishiga olib keladi. Yangi qonun rasmiy e’lon qilinganidan 12 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda cheklovlar joriy qilgan edi. Tegishli taqiq 2025 yil dekabrdan boshlab amal qilmoqda. Biroq yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar bu cheklovlar samarasiz ekanini va o‘smirlar baribir ularni aylanib o‘tishda davom etayotganini tasdiqlamoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi vaqtda internetda bolalar uchun u yoki bu ko‘rinishdagi cheklovlar kamida to‘qqizta davlatda amal qilmoqda. Yana 13 ta davlat shunga o‘xshash taqiqlarni joriy etishni rejalashtirmoqda yoki kelajakda bunday imkoniyatni ko‘rib chiqmoqda.
Yaqinda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashga qaror qilgan mamlakatlardan biri Buyuk Britaniya bo‘ldi. Tegishli qonunni yil oxirigacha qabul qilish rejalashtirilgan, u esa 2027 yilning bahorida kuchga kirishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.