Yangi yevro qanday ko‘rinishda bo‘ladi? 10 ta variant taqdim etildi (video)
Olam
−
14:44 1199 2 daqiqa
Yevropa Markaziy banki (YeMB) yangilangan yevro banknotalarining o‘nta yakuniy loyihasini taqdim etdi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aholisiga o‘zlariga ma’qul kelgan dizaynni tanlashni taklif qildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi kupyuralar yanada zamonaviyroq, xavfsizroq va oson taniladigan bo‘lishi kerak. Ularning muomalaga chiqarilishi esa tayyorgarlikning barcha bosqichlari yakunlanganidan keyin amalga oshirilishi kutilmoqda.
Taklif etilgan 1200 ta konsepsiya orasidan ekspertlar “Yevropa madaniyati” va “Yevropa tabiati” nomli ikkita mavzudagi seriyaga bo‘lingan o‘nta eskizni tanlab olgan.
YeMB raisi Kristin Lagard Yevropa aholisini regulyator saytida e’lon qilingan onlayn ovoz berish jarayonida ishtirok etishga chaqirgan. Har bir mavzu uchun minimalistik uslubdan tortib, badiiy jihatdan murakkabroq yechimlargacha bo‘lgan beshtadan variant tayyorlangan. Jamoatchilik so‘rovnomasi yakunlari bo‘lajak banknotalarning yakuniy dizaynini aniqlashga yordam beradi.
Agar madaniyatga bag‘ishlangan konsepsiya g‘alaba qozonsa, kupyuralarda Yevropaning taniqli san’at, fan va adabiyot arboblari paydo bo‘ladi.
Quyidagilarni joylashtirish taklif etilmoqda:
- 5 yevrolik banknotada – opera xonandasi Mariya Kallas;
- 10 yevroda – bastakor Lyudvig van Betxoven;
- 20 yevroda – olim va Nobel mukofoti laureati Mariya Kyuri;
- 50 yevroda – yozuvchi Migel de Servantes;
- 100 yevroda – Leonardo da Vinchi;
- 200 yevroda – Nobel tinchlik mukofoti laureati Berta fon Zuttner.
Ikkinchi seriya Yevropa tabiatiga bag‘ishlangan. Har bir banknotaning oldi tomonida daryolar va tabiiy landshaftlar fonida qushlarning har xil turlari, orqa tomonida esa Yevropa Ittifoqining eng muhim institutlari binolari tasvirlangan.
Jamoatchilik ovozi yakunlangach, YeMB g‘olib konsepsiyani aniqlaydi va yangi banknotalarni chiqarishning texnik tayyorgarligiga kirishadi. Regulyator rejalariga ko‘ra, yangilangan kupyuralar barcha ishlab chiqarish jarayonlari yakunlanganidan so‘ng bosqichma-bosqich muomalaga kiritila boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda 2025 yilda muomalaga chiqarilgan 100 somoniy nominaldagi banknota nufuzli “Yil banknotasi” tanlovida ishtirok etib, dunyoning eng yaxshi pul belgilari ro‘yxatidan joy olgandi.
Live
Barchasi