Yangi o‘quv yilining ilk qo‘ng‘irog‘i chalindi (fotoreportaj)
Jamiyat
−
14:41 420 2 daqiqa
2 sentyabr tongi. Yozning uch oyi davomida sokinlik cho‘kkan maktab hovlisi bugun yana bolalarning quvnoq ovozlariga to‘ldi. Kuzning ilk kunlaridanoyoq maktab bag‘ri o‘quvchilarni qarshi oldi. Hovlida yangragan kulgular, hayajon bilan yon-atrofga boqayotgan ota-onalar, shogirdlarini qarshi olayotgan ustozlarning samimiy tabassumi – bularning barchasi yangi o‘quv yili boshlanganidan darak beradi.




Bayramona bezatilgan maktab hovlisida o‘quvchilar birin-ketin saf tortdi. Kimningdir qo‘lida guldasta, kimdir yangi sumkasini bag‘riga mahkam bosgan. Ayniqsa, maktab ostonasidan ilk bor qadam qo‘yayotgan birinchi sinf o‘quvchilarining nigohlarida hayajon, qiziqish va beg‘ubor quvonch aks etadi. Ular uchun bugun oddiy kun emas, balki bolalikning yangi sahifasi ochilayotgan kun.

Bu yil O‘zbekiston bo‘ylab 795 ming nafardan ortiq bola birinchi sinfga qabul qilindi. 2026/2027 o‘quv yilida mamlakatdagi 10 ming 225 ta umumta’lim maktabida 550 ming nafardan ortiq o‘qituvchi 6,7 milliondan ziyod o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beradi. Bugun yangragan ilk qo‘ng‘iroq ana shu millionlab o‘quvchilar uchun yangi bilimlar, yangi maqsadlar va yangi marralar sari yo‘lning boshlanishidan darak berdi.



Bugun, 2 sentyabr kuni 298-sonli umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. Maktab hovlisida o‘quvchilar, ota-onalar va ustozlar jam bo‘lib, Bilimlar kunini bayramona qarshi oldi. Bu yil maktabning birinchi sinfiga 415 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ular uchun 12 ta sinf tashkil etilgan bo‘lib, shundan 4 tasi o‘zbek, 8 tasi rus tilida ta’lim oladi.




Yangi o‘quv yilida birinchi sinf o‘quvchilarini bilim olamiga yetaklaydigan 36 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi ish olib boradi. Maktabda jami 139 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritib, 3463 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda.



Boshlang‘ich sinflarda esa darslar davlat ta’lim standartlari asosida tashkil etilib, o‘quvchilarning qiziqishini oshirish maqsadida turli kreativ yondashuvlar, musobaqalar va tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratiladi.


Mana, hovlida yana qo‘ng‘iroq sadosi. Birinchi sinf bolalari ustozlari ortidan sinfxonalar sari yo‘l olmoqda. Kimdir ilk bor partasiga o‘tiradi, kimdir yangi do‘stlar orttiradi, yana kimdir orzusiga eltuvchi birinchi bilimlarini oladi.

Birinchi qo‘ng‘iroq chalindi. Yangi o‘quv yili boshlandi. Maktablarda esa yangi orzular, yangi umidlar va yangi g‘alabalar tarixi yozila boshladi.



Live
Barchasi