Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bugundan kuchga kirdi
Jamiyat
−
01 may 2023
980330 apreldagi referendumda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun bugun, 1 maydan kuchga kirdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu kundan e’tiboran boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlarida keltirilgan normalar konstitutsiyaga zid bo‘lsa, sudlar konstitutsiyaga qarab qaror qabul qiladi. Hujjatning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Qonunga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi referendum o‘tkazilgandan keyin 10 kundan kechiktirmay, o‘z qarorini rasmiy veb-saytda va rasmiy manbalarda e’lon qiladi. Referendumda qabul qilingan qaror (qonun) Markaziy saylov komissiyasi referendum natijalari rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Referendum yakunlari rasmiy e’lon qilingan kuni qaror ijrosini tashkil etish uchun Oliy Majlis palatalari va prezidentga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistonda o‘tgan referendumning yakuniy natijalarini e’lon qilgandi. Referendumda saylovchilarning 84,5 foizi ishtirok etgan. Ro‘yxatga kiritilgan 19 722 809 saylovchidan 16 667 097 nafari ovoz berdi. Ulardan 611 320 nafari muddatidan oldin ovoz berishda qatnashgan.
Ovoz beruvchilarning 90,2 foizi yoki 15 034 608 nafari yangi tahrirdagi Konstitutsiyani yoqlab, 9,35 foizi yoki 1 558 817 nafari esa qarshi ovoz bergan. Haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni 73 672 ta (73 934 ta) yoki 0,44 foizni tashkil etdi.
LiveBarchasi