Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlamentga kiritildi

Jamiyat

image

Moliya vazirligi tomonidan jalb etilgan xalqaro darajadagi maslahatchi (ekspert)lar hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassis (vakil)laridan iborat shakllantirilgan Ishchi guruhi tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, loyihani ishlab chiqishga Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki ko‘maklashgan.

Davlat xaridlari sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xaridlari ishtirokchilariga qulayliklar va keng imkoniyatlar yaratish orqali xarid qilish tartib-taomillarini takomillashtirish maqsadida Qonun loyihasiga quyidagi mazmundagi asosiy yangiliklar kiritildi:

•    davlat xaridlari sohasida davlat buyurtmachilari qamrovini kengaytirish maqsadida, davlat xaridlarini amalga oshirishning alohida tartibi belgilangan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarni korporativ buyurtmachilar sifatida davlat xaridlarida ishtiroki ta’minlanadi;

•    davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali operatorlari sonini oshirish orqali ular o‘rtasida keng raqobat muhitini yaratish maqsadida, davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali operatorlari sonini ko‘paytirish va bu orqali operatorlar o‘rtasida raqobat muhitini yaratish, natijada davlat xaridlari ishtirokchilari uchun qulay sharoit va sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashga erishiladi;

•    davlat xaridlarini qisqa muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, elektron bozor - bir ish kuni, (amaldagi tahrirda qirq sakkiz soat), auksion - kamida besh ish kuni (amaldagi tahrirda kamida o‘n kun), tanlash - kamida besh ish kuni (amaldagi tahrirda tanlov kamida o‘n kun) va tender - kamida o‘n besh ish kuni (amaldagi tahrirda tender kamida o‘ttiz kun) etib belgilandi;

•    davlat buyurtmachilariga xarid qilish tartib-taomillari turlarini tanlash imkoniyatlarini oshirish maqsadida, elektron bozor, auksion va tanlash uchun xaridlarni amalga oshirish mezonlari muvofiqlashtirildi, ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravarigacha (byudjet buyurtmachilar uchun olti ming baravarigacha) etib belgilandi;

•    davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini elektronlashtirish maqsadida, tender (tanlash) o‘rnatilgan tartibda elektron shaklda amalga oshirilishi belgilandi;

•    davlat xaridlari sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari va davlat xaridlari ijrokchilariga o‘zlarining ta’sischilari va benefitsiar mulkdorlarini ochiqlash majburiyati yuklatilmoqda;

•    xarid qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sifat jihatidan yanada oshirilishini ta’minlash maqsadida, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yagona milliy klassifikatori joriy etiladi.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun xujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilash maqsadida davlat xaridlari sub’ektlari va ularning mansabdor shaxslarining ushbu Qonun va boshqa qonun xujjatlariga muvofiq davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun xujjatlariga rioya etishi va shartnoma bo‘yicha majburiyatlar talab darajasida bajarilishi uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, davlat xaridlarida korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida qonun loyihasida ishtirokchi va xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining affillangan shaxsi davlat xaridlari bo‘yicha savdolarda bitta lotda ishtirok etishga;

ishtirokchining va (yoki) ushbu ishtirokchining vakolatli vakilining yaqin qarindoshlari ijrochini tanlash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega yoki davlat buyurtmachisining yoki u tomonidan jalb qilingan ixtisoslashgan tashkilotning vakili bo‘lgan hollarda ishtirokchini davlat xaridlarida ishtirok etishiga cheklov belgilanmoqda. Ushbu holat orqali insofsiz raqobatni oldini olishga erishiladi.

Shuningdek, qonun loyihasini amalga oshirilishi xalqaro reytinglarda mamlakatni bahosini yaxshilashga, shu jumladan IHTT tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istambul xarakatlar rejasi monitoringi, Davlat moliyasini boshqarish samaradorligini xalqaro baholash (PEFA) tomonidan o‘tkaziladigan baholashlarda yaxshi natijalarga erishishni ta’minlaydi va mamlakatning jaxon miqyosida obro‘sini oshirib, xorijiy investitsiyalarni jalb etilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, mazkur xujjatning dolzarbligi va muhimligini inobatga olgan holda Qonun loyihasi 30 ga yaqin vazirlik va idoralar, shu jumladan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar bilan kelishilgan.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

davlat xaridi

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing