Davlat xaridlarida xorijiy tovarlar olishni cheklash rejalashtirilyapti

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada 302 nomdagi xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar va xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan xizmatlarni davlat xaridi doirasida sotib olishni vaqtinchalik taqiqlash yoki chegaralash taklif qilinmoqda.

Qayd etilishicha, qaror loyihasi koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish, sotuv bozorlarining qisqarishi oqibatida iqtisodiyotning qator tarmoq va sohalaridagi korxonalarning ishlab chiqarish faolligini cheklovchi omillarni qisqartirishga qaratilgan. Qaror bilan:

•    Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, chet el yuridik va jismoniy shaxslar (bundan buyon matnda xorijiy shaxslar deb yuritiladi) tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
•    Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) preferensiyalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
•    Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatini (jami 302 nomdagi) tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

302 nomdagi tovarlar sirasiga go‘sht mahsulotlaridan tortib qurilish mollariyu avtomobillar ham kiritilgan. Ro‘yxatda kanselyariya buyumlari va bolalar tagligini ham ko‘rish mumkin.

Qaror Prezidentning 2020 yil 21 avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-4812-son qarorini amalga oshirish doirasida tayyorlanmoqda.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

davlat xaridi

Baholaganlar

34

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing