Yangi namoyishlar. AQSHda yana bir afroamerikalik politsiya tomonidan o‘ldirildi 

Olam

image

Joriy yilning 11 aprel kuni AQSHning Minnesota shtatidagi Bruklin-Senter shahrida politsiyachi afroamerikalikni otib o‘ldirdi. Shundan so‘ng shaharda norozilik namoyishlari boshlandi. Bu haqda "Star Tribune" gazetasi xabar bermoqda.  

Qayd etilishicha, 20 yoshli Daunt Rayt mashinasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan. So‘ng huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uning avtomobilini to‘xtatib qo‘ygan. 

Politsiya Raytni hibsga olish to‘g‘risidagi buyruq avvalroq chiqarilganini ma’lum qilgan, ammo buning sababi haqida ma’lumot berilmagan. 

Gazetaning yozishicha, yosh amerikalik uni hibsga olmoqchi bo‘lgan politsiya talablariga bo‘ysunishni istamagan va yana mashinasiga o‘tirgan. Keyin huquq-tartibot xodimlaridan biri Raytga o‘q uzgan. 

Uning mashinasi ayol kishi boshqarayotgan boshqa mashina bilan to‘qnashib ketgan, ayol shifoxonaga yotqizilgan. 

Voqeadan keyin 500 ga yaqin odam shahar politsiya boshqarmasi oldida to‘plangan. 

Politsiya xodimlarining iltimosiga binoan ular ketishni istamagan. So‘ng politsiya ularni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, granatalar va rezina o‘qlardan foydalangan. 

Gazetaning yozishicha, Rayt vafot etgan joyga ham taxminan 200 kishi kelgan. Ular politsiyaning ikkita mashinasiga zarar yetkazgan. 

Ba’zi fuqarolar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga duch kelgan. Shaharda talonchilik holatlari qayd etilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yil 25 may kuni Minneapolisda 46 yoshli amerikalik Jorj Floyd politsiya tomonidan o‘ldirilgan. Internetda politsiyachi Floydning bo‘yniga tizzasini bosgan va u nafas ololmayotganini takrorlagan videorolik ko‘plab amerikaliklarning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Politsiya shafqatsizligiga qarshi norozilik namoyishlari Minneapolisni, keyin Amerikaning boshqa shaharlarini qamrab olgan va hatto, AQSH tashqarisiga ham tarqalgan. Bir qator shaharlarda norozilik namoyishlari tartibsizliklarga, buzg‘unchilik harakatlariga, do‘konlarni yoqish va talon-toroj qilishga, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga olib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh politsiya afroamerikalik

Baholaganlar

154

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing