Yangi qurilishlar Toshkentni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak – Saida Mirziyoyeva

Jamiyat

image

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi qurilishlar yuzasidan soha mutaxassislari, yetakchi ixtisoslashgan ijodiy studiyalar hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Unda Prezident Administratsiyasi rahbari Toshkent shiddat bilan kengayib borayotgani, shaharsozlik va ekologiya bilan bog‘liq bugungi vaziyatni inobatga olib, uning kelajagi har qachongidan ham jiddiy e’tibor va tahlilni talab qilayotganini qayd etgan.

Shu maqsadda Saida Mirziyoyeva qator yirik me’moriy loyihalar tashabbuskorlari, mustaqil mutaxassislar va urbanistlar, yetakchi ixtisoslashgan ijodiy studiyalar hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan.

“Birgalikda yechim topishimiz kerak bo‘lgan masalalar talaygina – muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy ob’ektlar zimmasiga katta yuk tushayotganidan tortib, elektr hamda suv ta’minoti muammolarigacha”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari

Shuningdek, u yangi qurilishlar shaharni rivojlantirishga xizmat qilishi, qo‘shimcha nomutanosiblik keltirib chiqarmasligi va hududiy tizimlarni ortiqcha zo‘riqtirmasligi kerakligini ham aytib o‘tgan.

Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, qo‘yilgan maqsadlar ulkan bo‘lib, Toshkentni har bir o‘zbekistonlik hamda shahar mehmonlari uchun yanada qulay, ko‘rkam, ozoda va xavfsiz maskanga aylantirish niyatida bo‘lgan biznes vakillariga ko‘mak beriladi. Aynan shunday yondashuv Yangi O‘zbekiston siyosatiga to‘la mos kelishi ham ta’kidlab o‘tilgan.

“Chunki bunday tashabbuskor biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash – Prezidentimiz tomonidan zimmamizga yuklatilgan eng asosiy vazifalardan biridir”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligida shaharda dizayn-kod borasida olib borilayotgan ishlarni sharmandali deb atagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing