Yangi buyruq: migrantlarning RFda bo‘lish muddatini qisqartiruvchi holatlar tasdiqlandi
Olam
−
21 dekabr 2021
11915Majburiy barmoq izlarini olish, suratga olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish muddati qisqartiriladi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining buyrug‘idan kelib chiqib xabar berilgan.
“Agar chet el fuqarosi giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish, psixotrop moddalarni shifokor retseptisiz olish faktining mavjudligi yoki yo‘qligi uchun barmoq izini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, fotosuratga olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortsa, chet el fuqarosining Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish muddati qisqartiriladi”,
deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, agarda atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar va OIV infeksiyasi aniqlansa yoki tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra giyohvand moddalarni iste’mol qilish fakti aniqlansa, migrantlarning bo‘lish muddati qisqartiriladi.
Vaqtinchalik bo‘lish muddatini qisqartirish to‘g‘risidagi qaror ko‘rsatilgan faktlarning kamida bittasi aniqlangan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay qabul qilinishi kerak. Ushbu ma’lumot, shuningdek migratsiya bo‘limlariga kelish zarurligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bir ish kuni ichida chet el fuqarosiga yetkaziladi. Buni telefon orqali ham, internet yoki pochta orqali ham qilish mumkin.
“Shu bilan birga, chet el fuqarosi vaqtincha bo‘lish muddatini qisqartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida Rossiya Federatsiyasini tark etish majburiyati va bu majburiyatni bajarmaslik oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilinadi”, deyiladi buyruqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu buyruq 2021 yil 29 dekabrdan kuchga kiradi. Shuningdek, shu kundan boshlab Rossiyada mehnat muhojirlari va uzoq muddatda bo‘lish uchun kelgan chet el fuqarolari uchun barmoq izlari, suratga olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Tyumen viloyatida 2022 yildan patent bilan ishlayotgan mehnat muhojirlariga jamoat transporti va taksi xizmatida ishlash taqiqlangandi.
LiveBarchasi