Yangi Angren IES ham ekologiyaga zarar keltirgani uchun jarimaga tortildi
Jamiyat
−
06 fevral
4205Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasi joylashgan hudud mutaxassislar tomonidan tekshirildi va atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli moddalar belgilangan me’yorlarga nisbatan yuqori ekani aniqlandi. IES esa 1 mlrd 3 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
IES hududida viloyat Ekologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tekshirish ishlari olib borilganda chang gaz tozalash uskunalari (filtrlari) samaradorligi 80 foizga tushib ketgani aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasiga atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirganligi uchun 887 mln, sanoat chiqindilarini belgilanmagan joyga joylashtirganligi uchun 116 mln, jami 1 mlrd 3 mln so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblangan.
“11 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat yo‘llandi. Shuningdek, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish bo‘yicha chang gaz tozalash uskunalari ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotganligi aniqlangan va IES atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 1 mlrd 23 mln so‘m (atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 759 mln, neft mahsulotlari bilan yerni ifloslantirganlik uchun 264 mln) miqdorida jarimaga tortilgandi.