Yandeks o‘z serverlarini O‘zbekistonga joylashtirishi mumkin
Texnologiya
−
28 fevral 2019
7312Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasi o‘z xizmatlarini mahalliylashtirish maqsadida serverlarini O‘zbekistonda joylashtirishi mumkin. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi saytida ma’lum qilingan.
Kecha, 27 fevral kuni Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasi vakillari va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Umarov o‘rtasida bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda Umarov kompaniyaning IT sanoati hamda zamonaviy internet servislar va yechimlar ishlanmalari sohasidagi ko‘p yillik ish tajribasini alohida e’tirof etgan.
“Yandeks” kompaniyasi vakillari kelgusida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston bozorida “Yandeks”ning internet servislarini mahalliylashtirish, servislardan yaxshiroq foydalanish uchun CDN-serverlarni joylashtirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama etilgan.
Ta’lim va malaka oshirish sohasidagi hamkorlik, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan IT sohasidagi ta’lim dasturlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik masalalari alohida ko‘rib chiqilgan.